Oʻzbekiston Respublikasi IIV TQD xodimlari tomonidan, Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani hokimligida ishlovchi shaxs hokimiyat balansida boʻlgan qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun moʻljallangan zaxira yerlarni sotishga urinayotganligi toʻgʻrisida maʼlumot olindi.

2023-yilning 12-aprel kuni IIV TQD Fargʻona viloyati IIB TQX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazildi.

Oʻzbekiston tumani hokimligining Qishloq xoʻjaligi boʻlimi yer nazorati inspektori hokimiyat balansida boʻlgan qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun moʻljallangan zaxira yerlardan 3 gektarini ochiq elektron platformasi orqali yutib berish evaziga tadbirga jalb etilgan maxsus xaridordan 4 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan qoʻlga olinib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Toʻplangan hujjatlarga asosan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Fargʻona viloyat boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168 moddasi 3 qismi a bandi va 25 modda orqali 211 moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.