Taʼkidlanishicha, oʻtgan yillar mobaynida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu Qonun ana shu islohotlarni yana bir bor mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun bilan nazarda tutilgan birinchi yoʻnalish – Jinoyat kodeksining hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish, yaʼni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik koʻrsatish bilan bogʻliq jinoyatning jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Ikkinchi yoʻnalish esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaganlik, ularning oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatganlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur Qonun bilan mamlakatimizda Jinoyat Kodeksida hokimiyat vakiliga qarshilik koʻrsatganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi taʼminlanadi.

Qolaversa, Mamuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari), balki boshqa hokimiyat vakillarining oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatganlik yoki toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish orqali ularning oʻz qonuniy faoliyatini toʻsqinliksiz amalga oshirishiga sharoit yaratiladi. Shuningdek, hokimiyat vakillarining sogʻligi va hayoti xavfsizligini taʼminlashga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.