Kogon tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolarning savdo doʻkonlari mahalliy hokimlik tomonidan noqonuniy tarzda buzilgan. Mulkdorlar yer uchastkalari olib qoʻyilganligidan norozi boʻlib, buzilgan savdo doʻkonlari uchun kompensatsiya undirib berish va savdo doʻkonlariga teng miqdorda yer maydoni ajratilishida amaliy yordam soʻrab, tuman adliya boʻlimiga murojaat qilgan.
Murojaatlar tuman adliya boʻlimi tomonidan oʻrganilganda, Buxoro viloyati hokimining 2017-yil 22-maydagi “Buxoro viloyatidagi “Yetti pir” ziyoratgohi majmualaridan “Bahouddin Naqshband” majmuasini qayta rekonstruksiya qilish haqida”gi farmoyishi va Kogon tuman hokimining 2017-yil 3-avgustdagi tegishli qaroriga asosan mazkur hududda markaziy avtoturargoh va milliy hunarmandchilik rastalari qurish uchun mazkur bino-inshoot buzdirilgan boʻlsa-da, yer egasining roziligi olinmaganligi va yerdan foydalanuvchi hamda ijaraga oluvchi bilan kelishuv boʻyicha tegishli ravishda tuman hokimining qarori chiqarilmaganligi aniqlandi.
Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda (oʻsha vaqtda amalda boʻlgan) yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijaraga oluvchi bilan kelishuv boʻyicha — tegishli hokimliklarning qarori boʻyicha yoxud Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra amalga oshirilishi belgilangan.
Ammo tuman hokimligi tomonidan mulkdorlar xabardor qilinmagan va ularga teng qiymatli yangi yer uchastkasi ham, kompensatsiya ham berilmagan.
Yuqoridagilarga asosan, tuman adliya boʻlimi tomonidan oʻtgan yilning dekabr oyida tuman hokimligiga taqdimnoma kiritilgan boʻlsada, hokimlik tomonidan mulkdorlarga teng miqdorda yer uchastkasi ajratish va kompensatsiya toʻlash masalasi hal qilinmagan. Shundan soʻng tuman adliya boʻlimi tomonidan mulkdorlarning manfaatini koʻzlab, ularga yer uchastkasi ajratish va kompensatsiya toʻlash majburiyatini yuklash haqida fuqarolik ishlari boʻyicha Kogon tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritildi.
Shunga binoan, sudning tegishli hal qiluv qarori qabul qilinib, mulkdorlar foydasiga javobgar Kogon tuman hokimligidan kompensatsiya va boshqa xarajatlar uchun jami 429 million 587 ming 859 soʻm undiriladigan boʻldi va buzdirilgan savdo doʻkonlari yer maydoniga teng yer uchastkasi ajratish majburiyati yuklandi, deya xabar beradi Kogon tuman adliya boʻlimi boshligʻi Habib Qoryogʻdiyevning soʻzlariga tayanib, hudud24.uz sayti.