2021-yil 17-avgust kuni IIVga fuqaro Ya.N. ariza bilan murojaat qilib, u oʻz arizasida Toshkent viloyati, Qibray tumanida yashovchi “Abdurashid” va “Orif” ismli shaxslar hokimiyat tomonidan ularga 49 yilga ijaraga berilgan 7 gektar er maydonini sotib, hokimiyatda ishlovchi tanishlari orqali Ya.N. ni nomiga rasmiylashtirib berishga vaʼda berib, evaziga 225.000 AQSH dollari berishini talab qilayotganliklarini maʼlum qilib, ularga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur arizaga asosan, joriy yil 18-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, DXX Shayxontohur tumani boʻlimi hamda IJQK Departamentining Shayxontohur tumani boʻlimi xodimlari hamkorligida Toshkent shahar, Yunusobod tumani 19-mavzedagi “Qariyalar oromgohi” oldida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, A.O. ariza muallifi N.Yakubovadan talab qilingan 225.000 AQSH dollaridan 5.000 dollarini olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

A.O. bilan olib borilgan surishtiruv ishlar davomida u arizachi Ya.N. dan olgan 5.000 AQSH dollarini er egasi T.R.ga berishi kerakligini bildirganligi sababli tezkor tadbir davom ettirilib, 2021-yil 19-avgust kuni 2011-2018-yillar Qibray tuman Hokimiyatida masʼul lavozimlarda ishlagan T.R. va A.M. lar Toshkent viloyati, Qibray tumani, Oʻtkir mahallasida A.O.dan 5.000 AQSH dollarini olgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlandi.

Mazkur holat yuzasidan, 2021-yil 19-avgust kuni Bosh prokuratura huzuridagi IJQK Departamentining Shayxontohur tumani boʻlimi tomonidan A.O., T.R. va A.M.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.