Hokimlikka tegishli avtomashinaning raqamini yechib olib, tarmoqqa joylagan xodim ishdan olindi

    Ijtimoiy tarmoqda PAA 267 davlat raqam belgisini avtomobil salonida nomaʼlum shaxs (yoʻlovchi) qoʻlida ushlagan holda harakatlangani aks etgan video joylashtirilgan.

    Qayd etilishicha, ushbu davlat raqam belgisi Andijon viloyati hokimiga xizmat qiluvchi Prado rusumli transport vositasiga tegishli.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 125-moddasi 5-qismiga koʻra, davlat raqam belgisi oʻzboshimchalik bilan yechib olingan transport vositalarini boshqarish BHMning besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

    Holatga Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslimbek Ibrohimov rasmiy izoh berdi.

    Unga koʻra, lavha oldingi yillarda tasvirga olingan. Rahbariyat vakili mashinada boʻlgan taqdirda, bu kabi holatlarga yoʻl qoʻyilmasligini barcha birdek tushuna oladi. Bu kabi holat biror xodimning ish vazifasiga nisbatan masʼuliyatsiz qarashidan yuzaga kelishi mumkin.

    Shu holatdan kelib chiqqan holda oʻsha vaqtni oʻzida xodimlarga tegishli tartibda ogohlantirish berilgan va bunday holatlarga yoʻl qoʻygan bir nafar xodim vazifasidan ozod qilingan, deyiladi izohda.