Fuqaro D.D. Jomboy tumani prokuraturasiga murojaat qilib, unda 2021-yil 8-fevral kuni “Zarafshon” milliy tabiat bogʻi hududida yurgan vaqtida mazkur bogʻ rahbari va 1-uchastka nozirlari Buxoro xongulini otganini koʻrganligini, 9-fevral kuni otgan joyga borib bugʻuning boʻlingan kalla va terilarini koʻrib, bu joyni videotasvirga olganligini bayon qilib, ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, voqea sodir boʻlgan joy hamda “Zarafshon” milliy tabiat bogʻi rahbariga tegishli avtomashina koʻzdan kechirildi.
Tekshiruv natijasida hayvonot dunyosiga 36 million 750 ming soʻm zarar yetkazilganligi aniqlandi. Bu holat inobatga olinib, Jomboy tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi «j» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Ayni paytda dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun hujjatlar tuman IIB tergov boʻlimiga yuborilgan.
Jinoyat ishi tergov jarayoni Jomboy tumani prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi, deb yozadi zarnews.uz Samarqand viloyati prokuraturasi maʼlumotlariga tayanib.