Maʼlum qilinishicha, Mehnat kodeksining 404-moddasiga muvofiq, homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash hamda toʻlash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, 2025-yil 9-dekabrda qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida”gi Qonunda ham davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni tayinlash, amalga oshirish tartibi va minimal sugʻurta staji Vazirlar Mahkamasi vakolati ekani belgilangan.
Ushbu Qonunga asosan qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qarori bilan homiladorlik va tugʻish nafaqasi miqdori sugʻurta stajiga mutanosib ravishda hisoblanishi joriy etildi. Bunda quyidagi staj koeffitsiyentlari qoʻllaniladi:
- 10 oydan 24 oygacha — 75 %,
- 25 oydan 60 oygacha — 85 %,
- 61 oy va undan ortiq — 100 %.
Mazkur tartib Mehnat kodeksiga zid emas. Chunki Kodeksda homiladorlik va tugʻish taʼtili davri uchun oʻrtacha ish haqining kamida 75 foizi miqdorida nafaqa toʻlanishi kafolatlangan boʻlib, uni tayinlash va toʻlash mexanizmlarini belgilash Vazirlar Mahkamasi vakolatiga kiradi.
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi orqali toʻlanadigan nafaqalar ijtimoiy yordam emas, balki sugʻurta badallarini toʻlash natijasida shakllanadigan sugʻurta huquqidir. Shu bois, nafaqa olish huquqi sugʻurta tizimida ishtirok etish bilan bevosita bogʻliq.
Avvalgi tartibda (2026-yil 1-yanvarga qadar) homiladorlik va tugʻish nafaqalari asosan ish beruvchi tomonidan toʻlangani sababli, sugʻurta badallari bilan nafaqa olish huquqi oʻrtasida mutanosiblik mavjud emas edi. Bu ayrim hollarda nafaqa olish maqsadida mehnat munosabatlarini qisqa muddatga sunʼiy rasmiylashtirish holatlariga olib kelgan.
Shuning uchun yangi tizimda minimal sugʻurta staji talabi joriy etildi. U barcha rasmiy ishlovchi fuqarolar uchun teng shart-sharoit yaratish, suiisteʼmollarning oldini olish va tizimning moliyaviy barqarorligini taʼminlashga qaratilgan.
Bu mexanizm ayollarning ijtimoiy himoyasini cheklamaydi, aksincha, rasmiy bandlik va sugʻurta tizimida uzluksiz ishtirokni ragʻbatlantiradi.
Qayd etilishicha, bunday talablar xalqaro amaliyotga ham mos keladi. Jumladan, Fransiya, Yaponiya, Qozogʻiston, BAA, Xitoy va boshqa davlatlarda homiladorlik va tugʻish nafaqasini olish uchun 10–12 oylik minimal sugʻurta yoki ish staji talab etiladi.
Yangi tartib Xalqaro mehnat tashkilotining 102-son (“Ijtimoiy taʼminotning minimal standartlari toʻgʻrisida”) va 183-son (“Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisida”) Konvensiyalari talablariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, ijtimoiy sugʻurta tizimining adolatli va barqaror ishlashini taʼminlashga qaratilgan qonuniy mexanizm hisoblanadi.