Xoʻsh, bunday paytda ayollar tishlarini davolatishi mumkinmi?
Ushbu savolga oliy toifali shifokor Miravzal Irxanov javob berdi.
— Homiladorlikda tishlar va milklarning yaxshi parvarish qilinishi juda muhim, — deydi mutaxassis. — Chunki mazkur holat umumiy salomatlikka ham taʼsir koʻrsatadi.
Aytish lozimki, bu davrda gormonal oʻzgarishlar tufayli milk va tishlar sezuvchan boʻlib qoladi. Oqibatda milklar yalligʻlanib, tez-tez qonaydi. Yalligʻlanish (gingivit) homiladorlarda juda keng tarqalgan kasallik boʻlgani bois, tishlarni oʻz vaqtida davolatish va profilaktika choralarini koʻrish zarur.
Agar bu muammolar tezda bartaraf etilmasa, ular yanada jiddiyroq kasalliklarga sabab boʻlishi, jumladan, parodontit — milkning ogʻir yalligʻlanishi va tishlarning tushishiga olib kelishi mumkin.
Albatta homiladorlikda tishlarni davolatish mumkin, biroq buning uchun ayrim qoidalarga rioya qilish maqsadga muvofiq.
Ayniqsa, birinchi uch oylikda har qanday davolanishni kechiktirish tavsiya qilinadi. Sababi bu davr homila uchun eng muhim rivojlanish pallasi hisoblanadi.
Ikkinchi uch oylik esa, aksincha tishlarni davolatish uchun qulay va xavfsiz davrdir. Boisi bu vaqtga kelib, homilaning asosiy organlari shakllanib ulguradi.
Uchinchi uch oylikda ham davolanishni imkoni boricha kechiktirish yoki yengil tartibda oʻtkazish kerak. Qolaversa, uzoq muddatli muolajalar yoki ogʻir operatsiyalardan qochish maqsadga muvofiq. Sababi bu holat ayolning umumiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Shuningdek, qoidalarga koʻra, homiladorlik paytida rentgen nurlaridan qochish tavsiya etiladi. Lekin zamonaviy rentgen apparatlari kichik dozada nur tarqatishini inobatga olsak, agar tishlarni rentgen qilish zarurati tugʻilsa, buni maxsus himoya vositalaridan foydalangan holda amalga oshirish mumkin.
Bu davrda tishlarni davolashda ishlatiladigan anesteziya vositalari va dorilarga ham alohida eʼtibor berish lozim. Shifokorlar odatda homila uchun xavfsiz boʻlgan anesteziya vositalarini tanlaydi. Biroq, har qanday davolanish oldidan ayol homilador ekanligi haqida stomatologga xabar berishi zarur.
Qolaversa, bu davrda tishlarni kundalik tozalash juda muhim. Tishlar va milklarni yuvish uchun yoʻgʻon choʻtkalar va tish iplaridan foydalanish kerak. Shu bilan birga, isteʼmol qilinadigan dori vositalarini stomatolog yoki terapevt bilan maslahatlashgan holda amalga oshirish lozim.
Taomlanishda esa kalsiy va vitaminlarga boy oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish tavsiya qilinadi.
Bu borada mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.