Deputatlar homiylik faoliyatini amalga oshirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qildi.
Qonun loyihasi orqali naqd, naqdsiz va mol-mulk shaklida homiylik mablagʻlari yigʻishning aniq tartibi belgilanmoqda.
Loyihada homiylikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha mexanizmlari, homiylik xayriyalarini yigʻish, xayriya qutisini oʻrnatish va undan foydalanish tartiblari, shuningdek, homiylik xayriyalari toʻgʻrisidagi axborotni oshkor etish va bu jarayonning ochiqligini taʼminlash shartlari belgilanmoqda.
Xususan, endilikda jismoniy shaxslar faqat oʻzi yoki yaqin qarindoshi uchun xayriya yigʻishi mumkin boʻladi. Koʻngillilar oʻziga begona boʻlgan shaxslar manfaati uchun xayriya yigʻishda faqat eʼlon berish orqali koʻmaklashadi.
Xayriya qutisi faqat nodavlat tashkilotlar va boshqa homiylik qiluvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar tomonidan oʻrnatiladi. Nodavlat tashkilotlar va boshqa homiylik qiluvchi yoki oluvchi yuridik shaxslar naqd pul shaklida xayriyani faqat xayriya qutisi orqali yigʻadi. Xayriya qutisi shaffof idish boʻladi, joylashtiriladigan manzil oldindan eʼlon qilinadi, uni ochishda guvohlar qatnashadi va bu jarayon videotasvirga olinib, jamoatchilikka eʼlon qilinadi.
Xayriyalarini yigʻish, xayriya qutilarini oʻrnatish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi homiylik xayriyalarini yigʻish tartibini buzishning oldini olish, homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini taʼminlash hamda ularga nisbatan fuqarolarning ishonchini ortishiga xizmat qiladi.