“Boʻston klaster”ning paxta tozalash korxonasida yigʻilgan qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari hamda fermer xoʻjalik rahbarlari soʻzga chiqib, paxtakor dehqonlarning peshona teri bilan bir qancha agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarib, marraga, yaʼni hosilni yigʻib olishdek masʼuliyatli mavsumga yetib kelganliklari bilan tabrikladi. Shuningdek, barchani hosilni nest-nobud qilmay yigʻib-terib olishga bor imkoniyatni safarbar qilishga chaqirdi.
Qishloq xoʻjaligi sohasi vakillari soʻzga chiqib, bobodehqon mehnati evaziga yetishtirilgan hosilning sifatli terib olinishida fermer xoʻjaliklariga kuch-gʻayrat tiladi. 2020-yil paxta yigʻim terimida faollik koʻrsatgan fermer xoʻjaliklari rahbarlariga jamiyat tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, joriy yilda tumanda 10 ming 195 gektar yer maydoniga chigit ekilgan boʻlib, ellikqalʼalik fermerlar klasterga 31 560 tonna paxta xomashyosini sotishni rejalashtirgan. Yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatlarda yigʻib-terib olish boʻyicha tumanda jami 217 ta terim otryadlari tashkil qilinib, ularga 19088 nafar terimchilar biriktirib berildi.
Tumandagi barcha paxtachilik fermer xoʻjaliklarida paxta yigʻim-terimi jadal surʼatlarda boshlanib ketdi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri