Hozirda Qozogʻistonda Oʻzbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida maʼlumot yoʻq — TIV

    Xalqaro hamkorlik 11 Yanvar 2022 1344

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Qozogʻistondagi voqealar yuzasidan axborot berdi.

    Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoʻshni Qozogʻistondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda

    Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

    Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa oʻrnatildi. Ularga zarur yordam koʻrsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan taʼminlandi.

    Qozogʻiston hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari oʻrtasida aloqa oʻrnatishda tezkor yordam koʻrsatilmoqda.

    Olma-otadan Oʻzbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar roʻyxati tuzildi. Ular “Uzbekistan airvays” kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olma-ota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

    Oʻzbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada boʻlib turibdi. Hozirda Oʻzbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida maʼlumot yoʻq.

    Vazirlik eslatib oʻtadiki, mamlakatimiz fuqarolari oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.