Hozirgi kunda “Agrobank” tizimida 5800 nafar mijozning faoliyati to'xtab qolgan

    Moliya 7 Iyul 2020 6679

    Davlatimiz rahbari raisligida bank sohasida strategiya ijrosi va transformatsiya jarayoni muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan yig'ilishda tijorat banklar faoliyati tanqidiy ko'rib chiqildi va bir qator dolzarb vazifalar belgilab berildi.

    Birinchi navbatda banklarda transformatsiya jarayoni etarli darajada faol olib borilmayotganligi ko'rsatib o'tildi.

    “Agrobank” ATB tomonidan hozirgi kunda transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish maqsadida “Yo'l xaritasi” ishlab chiqilib, xalqaro toifadagi konsalting kompaniyalari jalb qilindi.

    Yig'ilishda pandemiya davrida bankning quyi bo'g'inlarida ish tartibini tubdan o'zgartirib, mijozbay usulida ishlash, ularning muammolarini aniqlash va bartaraf etish, mijoz bilan yaqin hamkorlikda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish vazifasi muhokama qilindi.

    Hozirgi kunda “Agrobank” tizimida 5800 nafar mijozning faoliyati to'xtab qolgan. Ular faoliyatini tahlil qilganimizda yil oxiriga borib 1280 nafar mijozimizning 1 trln. 184 mlrd. so'mlik muammoli kreditlari yuzaga kelishi kutilmoqda.

    Muhtaram YUrtboshimiz tomonidan muammoli kreditlarni hududlar kesimida batafsil tahlil qilib, kredit portfeli sifatini saqlab qolish bo'yicha ta'sirchan mexanizm ishlab chiqish bo'yicha aniq ko'rsatmalar berildi. Mazkur ko'rsatma yuzasidan bankning mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, hududlarga chiqqan holda mijozlarga amaliy yordam ko'rsatish bo'yicha aniq rejalarni belgilab oldik.

    Rustam MAMATQULOV,

    “Agrobank” ATB boshqaruvi raisi