Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Markaziy saylov komissiyasi, “Yuksalish” umummilliy harakati mazkur tadbirning tashkilotchilaridir.
Mazkur tadbir xotin-qizlarning siyosiy faolligini, xususan, elektoral madaniyatini oshirish sohasida parlament, jamoat tashkilotlari, vakolatli davlat organlari, qonun ijodkorligi subyektlari hamda huquqni qoʻllash amaliyoti vakillarining xotin-qizlarning siyosiy ongi va elektoral madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda ularning faolligini yanada kuchaytirish maqsadida oʻtkazilmoqda.
Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi raisi Tanzila Norboyeva ochib berdi.
T.Norboyeva oʻz soʻzida hozirgi vaqtda xotin-qizlar mamlakat aholisining qariyb 50 foizini tashkil etishi, ularning barcha sohalarda samarali mehnat qilishlari, shu jumladan, siyosiy boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda faoliyat koʻrsatishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganligi, saylovlarda ayollarning oʻrni beqiyos ekanligini, bugungi globallashuv davrida xotin-qizlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish va yanada mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy faolligini oshirish davr talabiga aylanganligiga eʼtibor qaratdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda ayollar saylov jarayonlarining barcha bosqichlarida faol qatnashishlari uchun erkaklar bilan teng sharoitlar yaratilgan. Prezident saylovi jarayonida ayollarimiz ham saylovchi, ham prezidentlikka nomzod, ham saylov komissiyasining aʼzosi, ham kuzatuvchi, ham ishonchli vakil sifatida erkaklar bilan teng sharoitda va erkin ishtirok etmoqda.
Xususan, bugungi kunda Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari aʼzolarining 104 nafari va uchastka saylov komissiyalari aʼzolarining 65 ming 974 nafarini xotin-qizlar tashkil etmoqda.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda xotin-qiz saylovchilar soni qariyb 11 million nafarni tashkil etadi. Shuni hisobga olib ayollarning, shu jumladan, birinchi marta ovoz beradigan qizlarning saylovda faol ishtirok etishini, oʻzlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berish imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Tadbirda boʻlajak siyosiy jarayonda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning oʻz konstitutsiyaviy huquqidan erkin foydalanishi, oʻzlari tanlagan nomzodga ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida mahallalarda bir qator targʻibot tadbirlari oʻtkazilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, xotin-qizlarining siyosiy faolligini ragʻbatlantirishda, eng avvalo, siyosiy partiyalarning alohida oʻrni borligi, ulardagi Ayollar qanoti tuzilmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
Tadbir davom etmoqda.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri