Chegaraoldi yaylovlarda mollarni faqat kunduzi oʻtlatishga ruxsat beriladi

    Xavfsizlik 12 Oktabr 2023 1672

    Chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan bir yilda bir marotaba shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan shaxslar foydalanishlari mumkin.

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 9-oktyabrdagi “Yaylov yerlardan foydalanish sohasidagi qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 5-iyuldagi 504-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida”gi 534-son qarori qabul qilindi.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida chegara rejimi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Nizom chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan foydalanish tartibini belgilovchi bob bilan toʻldirilyapti.

    Chegaraoldi zonasida va chegaraoldi mintaqasidagi yaylov yerlardan Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi tomonidan bir yilda bir marotaba shakllantiriladigan roʻyxatga kiritilgan shaxslar foydalanishlari mumkin.

    Maʼlumot uchun: shakllantirilgan roʻyxat DXX Chegara qoʻshinlari va ichki ishlar organlariga yuboriladi.

    Yerdan foydalanish ijara huquqi asosida amalga oshiriladi, mollarni oʻtlatishga faqatgina kunduz kuni ruxsat beriladi.

    Shaxs yerdan foydalanish huquqini yoʻqotganda Qoʻmita 10 kunlik muddat ichida DXX Chegara qoʻshinlari va ichki ishlar organlarini xabardor etadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2023-yil 10-oktyabrda kuchga kirgan, deb xabar beradi “Norma”.