“Huawei” kompaniyasi bilan hamkorlik yanada rivojlantiriladi

    Energetika 28 Mart 2023 1751

    Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligida vazir Joʻrabek Mirzamahmudov va “Huawei Digital Power” kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo boʻyicha vitse-prezidenti janob Yao Szin oʻrtasida joriy yilning fevral oyida Xitoyning Shenchjen shahrida joylashgan “Huawei” bosh qarorgohiga tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlar va yashil energetikani rivojlantirish boʻyicha kelgusidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Uchrashuvda uy xoʻjaliklari, davlat idoralari va ijtimoiy soha obyektlaridan tortib yirik quyosh fotoelektr stansiyalarigacha boʻlgan hajmlardagi quyosh tizimlari uchun raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energetika sohasini yanada rivojlantirish masalalariga toʻxtalib oʻtildi.

    Oʻzbekistonda quyosh qurilmalari uchun invertorlar va elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkoniyatlarini koʻrib chiqish, quyosh energiyasi boʻyicha yechimlarni amaliyotga tatbiq etishda muvaffaqiyat qozongan boshqa mamlakatlarning qayta tiklanuvchi energiya masalalari boʻyicha vakillari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va bu borada kadrlar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Janob Yao Szin Oʻzbekistonning yashil rivojlanish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi va bu boradagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi: “Mamlakat rahbariyati jamiyatni toza va arzon energiya bilan taʼminlash va kelajakda uglerod neytralligiga erishish uchun qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish orqali energetika tizimining salohiyatini jadallik bilan rivojlantirish rejalarini belgilab berdi. Oʻzbekiston allaqachon bu boradagi rejalarni amalga oshirishga ulgurdi. “Yashil strategiya” doirasida quyosh fotoelektr stansiyalarini ishga tushirish boʻyicha qator yirik loyihalar ikkinchi yildirki yaxshi natijalarni koʻrsatyapti”, – dedi Yao Szin.

    Muzokaralar chogʻida energetika vaziri Xitoydagi “Huawei” kompaniyaning koʻrgazma zali va invertorlar hamda akkumulyatorlar ishlab chiqarish quvvatlari bilan batafsil tanishganini alohida taʼkidladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Huawei Digital Power” toza energiya ishlab chiqarish, transportni elektrlashtirish va yashil AKT infratuzilmasi kabi sohalarga eʼtibor qaratadi. 2022-yil oxiriga kelib “Huawei” oʻz mijozlariga 695,1 milliard kVt/soatdan ortiq yashil energiya ishlab chiqarishga va energiya sarfini 19,5 milliard kVt/soatga kamaytirishga yordam berdi, bu deyarli 340 million tonna O2 zararli gazlar chiqishining oldini olishga teng demakdir.