“Hududgaztaʻminot” AJ shuni maʼlum qiladiki, ilgari isteʼmolchilarning gaz hisoblagichlaridagi koʻrsatkichlarni yigʻish hamda tizimga kiritish bilan shugʻullangan inspektorlar lavozimi bekor qilingan.
Maʼlumki, 2020-yilda “Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan tabiiy gazni hisobga olishning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (GNHAT/ASKUG) loyihasi amalga oshirish boshlandi hamda uning doirasida isteʼmolchilarning barcha toifalari uchun isteʼmol qilingan tabiiy gaz uchun koʻrsatkichlarni real vaqt rejimida “BillingGaz” tizimiga uzatuvchi elektron gaz hisoblagichlar oʻrnatilmoqda.
Shuningdek, gaz yetkazib beruvchi va abonent oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarni oʻrnatish, shuningdek, GNHAT tizimiga ulanmagan hamda avval oʻrnatilgan gaz hisoblagichlaridan tabiiy gaz isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “BillingGaz” tizimiga kiritishda inson omilini qisqartirish maqsadida, “Hududgaztaʻminot” AJ maxsus “Telegram” botni ishga tushirdi.
Ushbu Telegram bot asosan, GNHAT (ASKUG) tizimiga ulanmagan gaz hisoblagich koʻrsatkichlarini mustaqil tarzda gaz idorasiga yuborish uchun ishlab chiqildi.
Qolaversa, endi ushbu bot orqali tabiiy gaz isteʼmolchilari nafaqat hisoblagich koʻrsatkichlarini mustaqil tarzda oʻzlari kiritishlari, balki gaz isteʼmoli hajmi boʻyicha barcha zarur maʼlumotlarni olishlari, roʻyxatdan oʻtishlari va shaxsiy hisob raqamlarini doimiy tekshirishlari, shuningdek, gaz taʼminoti uchun toʻlovlarni ham amalga oshirishlari mumkin. Buning uchun “Telegram” messenjeriga kirib, “qidiruv” qismiga @hgt_abonent_bot deb yozish kifoya. Mazkur botning barcha imkoniyatlari va undan foydalanish boʻyicha yoʻriqnoma bilan mana bu yerda yaqindan tanishish mumkin.
Agar xonadoningizga mahallangizda faoliyat yuritgan sobiq inspektor gaz toʻlovlari bilan bogʻliq holatlar boʻyicha kelsa, “Hududgaztaʻminot” AJ sizdan zudlik bilan mahalla profilaktika inspektoriga yoki Jamiyatning “1104” qisqa raqami va “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi “Gaz taʼminoti muammolari va ularni hal etish yoʻllari” guruhi orqali murojaat qilishingizni soʻraydi, deyiladi “Hududgaztaʻminot” AJ matbuot xizmati axborotida.