Yirik soliq to'lovchilar bo'yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi tashkil etilganiga ikki yil to'ldi. Shu o'tgan vaqt davomida Prezidentimizning oqilona siyosati, qolaversa, davlat soliq xizmati organlari faoliyatiga bo'lgan e'tibori sabab soliq ma'murchiligi tubdan isloh etildi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining amaliyotga joriy etilishi barobarida soliq qonunchiligi zamon bilan hamnafas, mamlakatimizdagi amaliy jarayon bilan hamohanglashdi. Kechayotgan qator islohotlar fonida Yirik soliq to'lovchilar bo'yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi tashkil etilib, mamlakatning ayni jabhadagi siyosati yanada xalqchillashdi, boshqa davlatlarga namuna bo'lgulik tarzda yangi bosqichga ko'tarildi.
Prezidentimizning 2018-yil 26-iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan yurtimizda soliq to'lovchilarni segmentlash tizimini joriy etish va “Yirik soliq to'lovchilar bo'yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi”ni tashkil qilish belgilandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-apreldagi qarori bilan Inspeksiya nizomi tasdiqlandi.
Inspektsiyaning tashkil etilishidan asosiy maqsad, yirik soliq to'lovchilar hisobini yuritishni tashkil etish va ulardan soliq to'g'risidagi qonun hujjatlarida ko'zda tutilgan soliqlar va yig'imlarni to'liq tushishini ta'minlash hamda soliq majburiyatlarini bajarish bo'yicha o'zaro hamkorlik asosida servis-texnik xizmat ko'rsatilishini amalga oshirishdan iborat bo'lgan.
Jumladan, ilgari yirik soliq to'lovchilar soliq hisobotlari topshirishni va to'lovini bir necha hududiy soliq organlariga amalga oshirgan bo'lsa, hozirda hisobotlar va to'lovar faqat Hududlararo davlat soliq inspektsiyasi orqali amalga oshirilmoqda.
Ikki yillik tajribadan shu ma'lum bo'ldiki, bu kabi individual yondashuv korxona va soliq organlari o'rtasidagi o'zaro ishonchni mustahkamlashda va soliq bilan bog'liq huquqbuzarliklarning oldini olishda juda qo'l kelmoqda. Yana bir e'tiborli jihat, Inspektsiyada har bir korxonaga mas'ul xodim biriktirilgan. Soliq to'lovchi o'zini qiziqtirgan har qanday savolga hech qanday byurokratik to'siqlarsiz kerakli javobni tez muddatda olish imkoniga ega bo'ldi. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda yirik soliq to'lovchilarning barcha vakillarini jamlagan maxsus guruhlar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Mazkur muloqot vositasi yordamida korxona hisobchisi soliq ma'murchiligi bilan bog'liq har qanday holat yuzasidan mutaxassislardan tezkor ma'lumot, zarur maslahat va metodik yordamni olish imkoniga ega bo'lmoqda.
Shu o'tgan vaqt mobaynida yirik soliq to'lovchilar ma'muriyatchiligini takomillashtirish yo'lida qator amaliy ishlar qilindi. Mazkur sa'y-harakatlarning samarasini bugungi natijalardan ham bilish mumkin.
Fikrimiz tasdig'i sifatida mavjud ko'rsatkichlarga murojaat qilsak. 2019-yilda yirik soliq to'lovchilar tomonidan to'langan soliqlar va yig'imlar, o'sha yili respublika miqyosida yig'ilgan jami soliq tushumlarining 63,4 foizini tashkil etgan bo'lsa, 2020-yilga kelib bu ko'rsatkich 65,3 foizni tashkil etib, tushumlar 128 foizga oshdi. 2021-yilning birinchi yarmida jami byudjet tushumidagi ulushi 66,2 foiz natijani qayd etib, tushumlar 135 foizga oshishiga erishildi. Shu statistik ma'lumotlardan kelib chiqqan holda bemalol Yirik soliq to'lovchilar bo'yicha hududlararo davlat soliq inspektsiyasi faoliyatini tizimdagi boshqa inspektsiyalarga namuna sifatida ko'rsatish mumkin.
Inspeksiya jamoasining soliq to'lovchilarga sifatli xizmat ko'rsatish, yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etishdagi o'zaro hamkorlik o'rtadagi ishonchning mustahkamlanishiga xizmat qilyapti.
Natijada, ixtiyoriy soliq to'lovlarini amalga oshirish holatlari salmog'i ortdi. Shuningdek, soliq to'lovchilarga yaxshi muomala qilish, ortiqcha to'lovlarga yo'l qo'ymaslik, soliq qarzini kamaytirish kabi masalalarga jiddiy yondashish ham ishonchli hamkorlikning bardavomligiga ijobiy ta'sir ko'rsatayotir.
Masalan, ilgari asosiy soliq tushumlari oyning oxirgi kunlarida tushar edi va bu esa o'z navbatida byudjetdan xarajatlarning kechiktirib amalga oshirilishiga sabab bo'lardi. Soliq to'lovchilarga to'g'ri tushuntirilganligi sababli hozirda asosiy soliq tushumlari oyning 25-sanasigacha ta'minlanmoqda. Masalan, 2020-yilning yanvarida oylik byudjet tushumining 78 foizi 25-sanagacha amalga oshirilgan bo'lsa, 2021-yilning iyun oyiga kelib, 92 foiz soliq tushumlari 25-sanagacha amalga oshirilmoqda.
Yana bir muhim masalani aytib o'tish joiz. Hech kimga sir emas, ilgari korxonalardan ortiqcha to'lov qilib prognozlarni bajarish holatlari ham bo'lgan. Hozirda bunday holatlarga mutlaqo chek qo'yildi. Ishonish qiyin, ammo korxonalarga o'zimiz xat bilan chiqib ortiqcha to'lab qo'ymang, undan ko'ra, ushbu mablag'ni biznesingiz rivoji uchun ishlating, deb murojaat qilayapmiz. Natijada, ortiqcha to'lov summasi yil boshiga nisbatan 56 foizga kamaydi.
Ko'rsatkichlarning yildan-yilga ortib borishini soliqqa oid huquqbuzarliklar bilan ishlash tizimining to'g'ri yo'lga qo'yilgani bilan izohlash mumkin. O'rni kelganda aytib o'tish lozim, yaratilgan iqtisodiy imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim yirik soliq to'lovchilar ishtirokida turli noqonuniy soliq sxemalaridan foydalanish orqali soliqlarni yashirish, soliqdan qochish kabi holatlar uchrab turibdi. Shu kabi yirik soliq to'lovchilarning noqonuniy faoliyatiga chek qo'yilib, ular tomonidan o'tgan yillar mobaynida davlat byudjetiga to'lanishi zarur bo'lgan soliqlar va yig'imlar qonunchilikda belgilangan tartibda undirilmoqda.
Bugun davlat soliq xizmati nazorat qiluvchi organdan xizmat ko'rsatuvchi idoraga aylangani Yangi O'zbekistonda yuz berayotgan o'zgarishlar, yangilanishlarga hamohang tarzda faoliyat olib borayotganini alohida ta'kidlashdan mamnunmiz. Soliq ma'murchiligini tubdan isloh qilish haqida gap borganda bir xil soliqlarning unifikatsiya qilingani, soliq stavkalarining pasaytirilgani, ayrim to'lovlarning bekor qilinganini aytish mumkin. Soliq xizmati organlari tadbirkorlarning ishonchli biznes hamkoriga aylanib borayotgani Davlatimiz rahbarining ilgari surayotgan xalqchil siyosati hamda Davlat soliq qo'mitasi tomonidan soliq ma'murchiligini yaxshilash yo'lidagi sa'y-harakatlarining natijasi, yurtimizda olib borilayotgan istiqbolli islohotlarning samarasi, deb o'ylayman.
Bobomurod MAXMAYOROV,
Yirik soliq to'lovchilar bo'yicha hududlararo
davlat soliq inspeksiyasi bo'lim boshlig'i