Hududlarda “AI-80» markali benzin yoqilgʻisini qoʻlda qimmat narxda sotayotganlarga chora koʻrilmoqda

    Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududlarda benzinni noqonuniy sotayotganlar bilan qattiq kurashmoqda.

    Bosh prokuraturasi huzuridagi Departamentning Surxondaryo va Andijon viloyati boshqarmalari hududiy boʻlimlari tomonidan IIB hamda soliq idoralari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda 23 nafar fuqaro yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzgan holda noqonuniy daromad orttirish maqsadida qimmat narxlarda “Ai-80” markali benzin yoqilgʻisini chakana sotish bilan shugʻullanib kelayotganliklari aniqlanib, ulardan jami 1 076 litr benzin yoqilgʻisi ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Shuningdek, Departamentning Sirdaryo va Samarqand viloyati boshqarmalari hududiy boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda 12 nafar fuqaro noqonuniy daromad orttirish maqsadida yongʻin xavfsizligi qoidalarini buzgan holda qimmat narxlarda “Ai-80” va “Ai-92” markali benzin yoqilgʻisini chakana sotish bilan shugʻullanib kelayotganliklari aniqlanib, ulardan jami 695 litr benzin yoqilgʻisi ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

    Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Fargʻona viloyati boshqarmasi hududiy boʻlimlari tomonidan IIB va soliq idoralari xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirlarda 26 nafar fuqaro noqonuniy daromad orttirish maqsadida yashash xonadonlarida “Ai-80” markali benzin yoqilgʻisini chakana sotish bilan shugʻullanib kelayotgani aniqlanib, ulardan jami 5 626 litr benzin yoqilgʻisi ashyoviy dalil sifatida olingan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning tegishli moddalari bilan qonuniy choralar koʻrilmoqda.