баннер
Sayt test rejimida ishlamoqda
Лого Лого-пв-уз

    Hududlarda iqtisodiy faollik barometri baholandi

    Mamlakatimizda 26 Avgust 2021 211

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya asosida mamlakatning 14 ta hududi boʻyicha 2021-yilning iyun va iyul oylari uchun “Hududlarda iqtisodiy faollik barometri” (IFB) baholandi va hududlar reytingi tuzildi.

    IFB joriy yilning maʼlum bir davrida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan hududlar oʻrtasida kuzatilgan iqtisodiy faollik darajasini koʻrsatadi va u har oyda hisoblab boriladi.

    Baholash natijalariga koʻra, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Toshkent shahri eng yuqori faollik barometri indeksi bilan reytingda 1-oʻrinni egalladi. Keyingi oʻrinlarni Samarqand va Sirdaryo viloyatlari egalladi, Nisbatan past holatlar Navoiy, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida kuzatildi.

    IFBni baholashda qaysi koʻrsatkichlardan foydalanilgani haqida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, Sherzod Otaboyev quyidagilarni soʻzlab berdi:

    – Eng birinchi ishlab chiqarish faolligi yaʼni hududda sanoat mahsulotlari va isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish, qurilish ishlari, xizmat koʻrsatish va chakana savdo aylanmasi hajmlaridagi oʻsish surʼatlarini ifodalaydigan 5 ta koʻrsatkich hisobga olinadi. — Tadbirkorlik faolligining ham 5 koʻrsatkich bilan ifodaladik. Bunda faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlari, yangi tashkil etilgan va faoliyatini tugatgan kichik biznes subyektlari sonining oʻsish surʼatlari, faoliyat yuritmayotgan va faoliyati ixtiyoriy tugatish jarayonidagi kichik biznes subyektlarining roʻyxatdan oʻtgan jami kichik biznes subyektlari sonidagi ulushini hisobga olindi. Tashqi savdo faolligi — tovar va xizmatlar eksport-import hajmlarining oʻsish surʼatlarini ifodalaydigan 2 ta koʻrsatkich ham muhim omil boʻldi.

    IFBni hisoblashda nisbiy farqlar va oʻzaro taqqoslash uslublaridan foydalanildi va IFB koʻrsatkichi integral indeksda ifodalandi. Bunda, “0”dan “1”gacha qiymatga ega boʻlgan integral indeks qancha “1”ga yaqin boʻlsa, joriy faollik darajasi shuncha yuqoriligini anglatadi va aksincha.

    Toshkent shahri va Sirdaryo viloyati ishlab chiqarish va tashqi savdo faolligi, Samarqand viloyati tashqi savdo va tadbirkorlik faolligi nisbatan yuqori koʻrsatkichlarga ega boʻlganligi sababli IFB boʻyicha reytingda yuqori oʻrinlarni egalladi.

    Shuningdek, tadqiqotda 2021-yilning yanvar-iyul davrida yanvar-iyun davriga nisbatan IFBning oʻzgarishi baholandi.

    Unga koʻra, ijobiy oʻzgarishlar Toshkent shahri, Xorazm, Fargʻona, Andijon, Navoiy viloyatlarida yuz berdi va mazkur viloyatlar IFB boʻyicha tuzilgan reytingda oʻz oʻrinlarini yaxshilashga erishdi. Ammo, Sirdaryo, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida pasayish kuzatildi.

    Qayd etish kerakki, IFBni har oyda hisoblash hudud iqtisodiyotini muntazam diagnostika qilish, faollik pasayishiga taʼsir koʻrsatuvchi omillarni oʻz vaqtida aniqlash va ularni yaxshilash boʻyicha choralar koʻrish, hududlar oʻrtasida faol raqobatni yaratish, buning natijasida esa faollik barometrini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.