Qarorga koʻra, hududlarda yoshlarni raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarga oʻqitishga yoʻnaltirilgan “IT-shaharcha”lar tashkil etiladi.

Quyidagilar “IT-shaharcha”larning asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilandi:

  • yoshlarni raqamli texnologiyalar sohasiga yoʻnaltirish, ularning mazkur sohada bilim egallash boʻyicha intilishlarini ragʻbatlantirish;
  • seminarlar, mentorlik dasturlari va onlayn taʼlim resurslari orqali yoshlarda ularning mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishishiga yordam beruvchi raqamli texnologiyalar sohasidagi koʻnikmalarni shakllantirish va rivojlantirish;
  • dasturlash va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlar koʻrsatish yoʻnalishlarida taʼlim berish, xorijiy tillar, shu jumladan ingliz tiliga oʻqitish orqali yoshlarning bilim va salohiyatini oshirish;
  • yosh avlodni zamonaviy kasblarga oʻqitish, shuningdek, ularda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish koʻnikmalarini oshirish.