Hududlarda tez tibbiy yordam boʻyicha yagona “Call-markaz”lar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

    Salomatlik 17 Iyun 2022 1611

    Davlatimiz rahbarining “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:

    sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining belgilangan umumiy cheklangan soni hamda davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida Markaz va uning hududiy filiallari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari, markaziy tuman (shahar) shifoxonalari hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi avtoxoʻjaliklarning yangilangan shtat normativlarini ishlab chiqishi va 2022-yil 1-sentyabrga qadar tasdiqlanishi belgilandi.

    Shuningdek:

    Tez tibbiy yordam sifatini yaxshilash va aholiga yanada yaqinlashtirishga oid dastur hamda tizimdagi mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, 2023-yil 1-sentyabrga qadar:

    Sogʻliqni saqlash vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligining tez tibbiy yordam boʻyicha elektron avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi Toshkent shahri tajribasi asosida respublikaning boshqa hududlarida toʻliq joriy qilinadi.

    Bunda, 2022-yil 1-dekabrga qadar:

    Andijon, Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlari;

    2023-yil 1-sentyabrga qadar:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlari tuman (shahar)laridagi dispetcherlik xizmatlari tugatilib, Toshkent shahri tajribasi asosida Markazning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.