Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–70-sonli farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi doirasida:
- Hududlarda zamonaviy arxitektura koʻrinishiga ega 100 mingta kvartiradan iborat boʻlgan koʻp qavatli uy-joylar quriladi;
- Qurilish tashkilotlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar boʻyicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi;
- Koʻp qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlarini keng joriy qilinadi;
- Ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti, “Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJ hamda banklarning oʻz mablagʻlari hisobidan kamida 17 trln soʻm yoʻnaltiriladi;
- Kambagʻallikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj boʻlgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun 120 mln soʻmgacha ipoteka kreditlari ajratiladi;
- Ipoteka kreditlari 120 mln soʻmgacha miqdorda, 20-yilgacha muddatga, Markaziy bankning asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun ajratiladi;
- Subsidiya ajratish yuzasidan arizalar tasdiqlangan parametrlar doirasida 2024-yilning 15-mayidan 1-noyabriga qadar qabul qilinadi;
- Ipoteka krediti boʻyicha dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun — ajratiladigan kreditning 15 foizi miqdorida hamda foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun — kredit muddatining birinchi besh yili davomida 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya toʻlanadi;
- Birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sugʻurta xavflaridan sugʻurta qilish talabi bekor qilinadi;
- Joriy yilda 31 mingdan ziyod kvartirali 768 ta koʻp qavatli uy-joylar qurilishi amalga oshiriladi va natijada 52 ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlari barpo etiladi;
- “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida koʻp qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan 500 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.