Hududlardagi qon bilan ishlash muassasalariga koʻchma donorlik komplekslari topshirildi

    Salomatlik 16 Mart 2023 2061

    Bugun poytaxtimizdagi “Texnopark” majmuasida Respublika qon quyish markazining hududlardagi qon bilan ishlash xizmati muassasalariga 13 ta koʻchma donorlik kompleksi – maxsus avtobuslarni topshirishga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

    Unda vazirlik va markaz mutaxassislari, sohaga aloqador tibbiyot muassasalari xodimlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda noyob yurak operatsiyalari, inson tana aʼzolarini koʻchirib oʻtkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yoʻlga qoʻyilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga boʻlgan ehtiyoj yanada ortdi.

    Birgina misol. Bugun bitta jigar transplantatsiyasi uchun 30 litrgacha qon plazmasi zarur. Bu komponent esa 120 nafar insondan olinadi. Shuning oʻziyoq donorlikning ahamiyati naqadar muhim ekanini koʻrsatadi.

    Bundan tashqari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga koʻra, davlatlar oʻz aholisining qonga boʻlgan ehtiyojini qoplash uchun donorlar soni har 1000 kishiga 30 nafar va undan ortiq boʻlishi lozim. Bizda esa bu raqam qariyb 7,5 nafarni tashkil qilmoqda.

    Tadbirda shu haqda soʻz yuritilar ekan, yurtimizda sayyor donorlikni rivojlantirish, buning uchun hududlarda sifatli qon komponentlarini yigʻish ishlarini samarali tashkil etish lozimligi alohida qayd etildi.

    Hududlarga taqdim etilgan “ISUZU HC40” rusumli avtotransport vositalari negizida tayyorlangan ushbu koʻchma donorlik majmualari esa bu borada ayni muddao boʻldi. Aytish kerak, mazkur avtobuslar maxsus karavot, muzlatkich, gemokonteyner, havoni tozalashga moʻljallangan bakteriyaga qarshi lampalar, konditsioner hamda yoritkichlar bilan jihozlangan. Unda bir vaqtning oʻzida 3 nafar donordan qon olish mumkin.

    — Zamonaviy tibbiyot qanchalik taraqqiy etmasin, hozircha inson qonining toʻlaqonli muqobili yaratilgani yoʻq, — deydi Respublika qon quyish markazi direktori Aʼlonur Saidov. — Ayni sababdan donorlik masalasi hamisha dolzarb.

    Taʼkidlash kerak, oʻtgan 2022-yil yurtimizda 120 tonna sifatli donor qoni tayyorlanib, qon zaxiralarining 3/1 qismi hududlar hissasiga toʻgʻri keldi. Biroq bugungacha joylardagi qon xizmatlarida mana bunday maxsus avtobuslarning yoʻqligi ishni sifatli tashkil etishga toʻsqinlik qilayotgan edi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.