Mazkur markaz zamonaviy kompyuter texnika bilan jihozlangan boʻlib, unda mahalliy yoshlarni raqamli texnologiyalari, zamonaviy kompyuter texnologiyalari, elektron tijorat, dasturlash, robototexnika asoslarini oʻrgatish boʻyicha kurslar tashkillashtirish va oʻqitish koʻzda tutilgan.
Markazdagi kurslarga tumandagi barcha maktablarda 5-11 sinflarda taʼlim olayotgan 17 mingdan ortiq oʻquvchilarni, shuningdek uyushmagan yoshlarni jalb qilish hamda korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan xodimlarning AKT sohasi boʻyicha bilimini oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, “One Million Uzbek coders” yirik loyiha boʻyicha tuman yoshlarni jalb qilish ishlar ham amalga oshiriladi. Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha “One Million Uzbek coders” platformasida 1 900 dan ziyod yosh yigit-qizlar roʻyxatdan oʻtdi. Amudaryo tumanida esa “One Million Uzbek coders” platformasida 132 ta yoshlar roʻyxatdan oʻtib, 30 nafari kurslarni muvaffaqiyatli tamomlab sertifikatlarga ega boʻldi.
Maʼlumot uchun, hozirgi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan reja boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasida Nukus shahri, Moʻynoq, Beruniy, Qonlikoʻl hamda Ellikqalʼa tumanida raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etilib faoliyat yurityapti, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.









