Hududlarga “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalarini yetkazib berish boshlandi

    Salomatlik 24 Sentabr 2021 1141

    Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Jizzax avtomobil zavodi oʻrtasida tez tibbiy yordam mashinalarini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangandi.

    Bugun, 24-sentyabr kuni, mazkur shartnomaga muvofiq yurtimizda ishlab chiqarilgan A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalarining birinchi bosqichini hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari tizimidagi tez tibbiy yordam shaxobchalariga yetkazib berish boshlandi.

    Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Abdulla Azizov soʻzga chiqib, tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilayotgan ushbu avtotransport vositalari tizim faoliyatini yanada rivojlantirish, bu orqali aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini berishini aytib oʻtdi.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, keyingi yillarda yurtimizda tibbiyotning eng muhim yoʻnalishi boʻlgan tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini takomillashtirish, zamonaviy tibbiy texnika va transport vositalari sonini yanada oshirish, soha amaliyotiga eng soʻnggi ilmiy-texnik vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Ayniqsa, mazkur xizmatni eng soʻnggi rusumdagi va barcha qulayliklarga ega boʻlgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan taʼminlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar kechiktirib boʻlmaydigan vaziyatlarda koʻplab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini berayotir.

    Bu borada raqamlarni tahlil qilsak, birgina oʻtgan 2020-yilda Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasiga 150 dona “Ford” rusumli reanimatsion tibbiy apparatlar bilan jihozlangan avtomashinalar xarid qilindi.

    Vaholanki, bundan toʻrt yil avval ushbu tizimda reanimobillar soni atigi 24 ta edi. Bugun esa “Tez yordam” xizmatidagi 435 ta reanimobil xalqimizga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatib, 13 ming nafar aholiga bitta avtomashina toʻgʻri kelmoqda. Eʼtiborlisi, bu raqam ham bundan bir necha yil avval 15 ming nafardan iborat edi.

    Sohadagi muhim oʻzgarishlardan yana biri shuki, keyingi yillarda “Tez yordam” brigadalari dislokatsiyasi qayta koʻrib chiqilib, aholi yashash punktlariga yanada yaqinlashtirildi.

    Natijada oʻtgan toʻrt yil davomida xizmat koʻrsatish radiusi 15-20 kilometrdan 9-12 kilometrga qisqardi.

    Shu bilan birga, “Tez yordam”ning kechikishi 10-12 foizdan 1-2 foizgacha kamaydi.

    Yaʼni, 2016-yilda chaqiriqlarga yetib borish vaqti oʻrtacha 25-30 daqiqa boʻlgan boʻlsa, hozirga kelib, bu raqam atigi 8-12 daqiqani tashkil qilmoqda.

    Eʼtiborlisi, “Tez yordam”ga yangi “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam mashinalarining topshirilishi sohadagi ijobiy oʻzgarishlarning mantiqiy davomi boʻlib, bu oʻz navbatida tizimda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash va uni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.

    Mazkur zamonaviy avtomashinalar mamlakatimizning barcha hududlariga teng taqsimlanadi va ushbu xizmatning avtotransport parkidagi eski “Damas” avtomashinalarini almashtiradi.

    Aytish mumkinki, eng soʻnggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu avtotransport vositalari xalqaro talablarga toʻla mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi. Qolaversa, ambulans aynan qaysi tibbiy yoʻnalishda foydalanilishiga qarab jihozlanishi mumkin.

    Shuningdek, mazkur avtomashinalar shahar sharoitida harakatlanish boʻyicha yuqori texnik koʻrsatkichlarga ega boʻlib, oʻtuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan alohida ajralib turadi. Eng muhimi, ushbu mashinalarda harakatni toʻxtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam koʻrsatish mumkin.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.