Yalpi majlisda bir qator dolzarb masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva o‘z kirish so‘zida bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy sohalarda boshlangan tizimli islohotlar izchillik bilan davom etayotganiga urg‘u berdi.

– Yaqinda davlatimiz rahbarining O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlariga oid Farmoni tom ma’noda Uchinchi Renessans poydevoriga asos soldi, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Hududlarni rivojlantirish bo‘yicha tobora yangi marralar belgilanmoqda.

Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasini kelgusi uch yilda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlariga doir yaqinda qabul qilingan qarori qoraqalpoq diyorining ravnaqiga xizmat qilishi shubhasiz. Xususan, Qaror bilan hudud aholisining hayot darajasini ko‘tarish, respublika iqtisodiyotini, ijtimoiy sohalarni va infratuzilmani  rivojlantirish, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadlariga 21 trln. so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilgani Qoraqalpog‘iston tarixida bo‘lmagan yangilikdir.

Shuningdek, yaqinda Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, hudud aholisining turmush farovonligini oshirish borasida belgilab berilgan vazifalar ham tez fursatlarda o‘zining amaliy natijalarini bera boshlaydi.

Yana bir jihat. Davlatimiz rahbari, qaysi soha, tarmoq yoki hududni rivojlantirish masalalariga to‘xtalmasin, albatta, xalq vakillari - deputatlar va senatorlarni faollikka chaqirib, katta ishonch bildirmoqdalar. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilishi belgilangan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlarining o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi ustidan qat’iy parlament nazoratini o‘rnatishni bevosita Senatga ishonib topshirganlari ham xalq vakillariga bo‘lgan ishonchning nechog‘lik yuksak ekanligini anglatadi va zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.  

Shu ma’noda, nafaqat qoraqalpog‘istonlik senatorlar,

balki joylardagi barcha senatorlardan o‘z hududini rivojlantirishda dahldorlik xissi bilan yashash, eskicha ishlash va muammolarga ko‘z yumishdan butunlay voz kechib, yangi g‘oya va tashabbuslarni dadil ilgari surish talab etiladi. 

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati