Yil boshidan Qoraqalpogʻistonga 1 million 300 ming sayyoh tashrif buyurdi.
Lekin mehmonxona oʻrinlari 2,5 mingga ham yetmagani uchun turistlar nari borsa 1-2 kun vaqtini Qoraqalpogʻistonda oʻtkazayapti.
Nukus shahrida joylashgan Achchiq-koʻl atrofidagi 20 gektarda turar-joy kompleksi, zamonaviy mehmonxona va dam olish maskanlarini tashkil qilish mumkin.
Nukus shahri va tumanidan oʻtgan Doʻstlik kanali va Kegeylidagi “Kegeyli” kanali boʻyida yirik savdo va servis majmualarini barpo qilsa boʻladi.
Nukus shahrida joylashgan “Istiqlol” parki 5-yildan buyon ishlamayapti. Ushbu bogʻ xususiy sheriklik asosida foydalanish uchun berilsa, tadbirkorlar 10 million dollar sarmoya kiritib, zamonaviy park barpo etish taklifini bergan.
Amudaryo, Toʻrtkoʻl, Beruniy, Xoʻjaylida turistlarni jalb qilish boʻyicha juda katta salohiyat borligi taʼkidlandi.
Xoʻjaylidagi Samonkoʻl va Bagʻman mahallalarida tadbirkorlar 10 million dollar investitsiya kiritib, 2 ta parrandachilik kompleksini ishga tushirmoqchi.
Toʻrtkoʻldagi Ullibogʻ mahallasida 6 ta tadbirkor qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. Ularga asosiy temir yoʻlga ulanish uchun oʻz hisobidan 100 metr tarmoq tortishga ruxsat berilsa, qoʻshimcha 50 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, 2 million dollarlik eksport qilishini aytmoqda.
Beruniy, Toʻrtkoʻl, Xoʻjayli va Amudaryo tumanidan oʻtuvchi “Gʻuzor – Buxoro – Nukus – Beynov” yoʻli boʻyidagi 140 gektar yerda 300 ta savdo va servis obyektini joylashtirsa boʻladi.
Ellikqalʼada 19 ta mahalla atrofida bozor yoʻqligi uchun Toʻrtkoʻl va Beruniy tumanlariga borishga majbur. Bu mahallalarga yaqin joydan 10 gektar ajratilsa, tadbirkor 5 million dollar investitsiya kiritib, zamonaviy bozor qurmoqchi.
Shu kabi koʻplab imkoniyatlarni sanab, Prezident Qoraqalpogʻiston tuman va shahar hokimlari masʼuliyatini oshirish boʻyicha yangi tizim boʻlishini taʼkidladi.
Bunda, tuman va shahar hokimlari har oyda oʻziga biriktirilgan bittadan viloyatga boradi, ulardagi yaxshi tajribalarni oʻrganadi va tumanida joriy qiladi. Tadbirkorlarga oʻz hududidagi salohiyat va ustun jihatlarni tadbirkorlarga taqdimot qiladi, kamida 5 tadan tashabbuskor topib, oʻz tumaniga olib keladi va loyihani boshlaydi.
Haftada bir kunni toʻliq tadbirkor va investorlarga ajratib, muammosiga yechim topadi.
Shuningdek, Qoraqalpogʻiston hududlari bilan boshqa viloyatlardagi tumanlar oʻrtasida kooperatsiyani yoʻlga qoʻyish boʻyicha har yili investitsiya forumi oʻtkaziladi.