Hukumat komissiyasi Jizzax viloyatidagi investitsiya va eksport faoliyatini oʻrganib chiqdi

    Mamlakatimizda 14 Oktabr 2022 2587

    Joriy yil 13-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi Hukumat komissiyasi Jizzax viloyatida boʻldi.

    Vazirliklar, idoralar va tijorat banklari rahbarlaridan iborat Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi oʻz oldiga investitsiya dasturlarini amalga oshirish va hududiy eksport hajmini koʻpaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlarni oʻrganish maqsadini qoʻygan.

    Yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonida Davlat komissiyasi aʼzolari “World trading company” MCHJ, “Paxtakor teks” MCHJ, “Basalt wool” MCHJ, “ADM JIZZAX” MCHJ, “Farali textile”, “Deya”, “Jizzax kenteks” kompaniyalari hamda eksportga yoʻnaltirilgan turli xil mahsulotlarni ishlab chiqaradigan va koʻplab yangi ish oʻrinlarini yaratgan boshqa obyektlarga tashrif buyurdi.

    Masalan, “Paxtakor teks” MCHJda 470 kishi ishlaydi va uning mahsulotlari Rossiya, Turkiya, Polsha va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi. “Basalt wool” MCHJ 193 mahalliy mutaxassisni ish bilan taʼminladi va yiliga ishlab chiqariladigan 32 ming tonna bazalt plitalaridan 20 mingtasini eksportga joʻnatadi.

    Mahalliy tadbirkorlar bilan muloqotda ham xususiy, ham tizimli muammolar aniqlanib, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha takliflar bildirildi. Koʻtarilgan barcha masalalarni hal etish choralarini koʻrish va kompleks yechimlar tayyorlashda konstruktiv takliflar ishlab chiqish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga maqsadli topshiriqlar berildi.

    Shu kuni Jamshid Xodjayev rahbarligida Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sarmoyalarni keng jalb etish, loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholi bandligini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda investitsiya dasturi doirasida yil yakuniga qadar umumiy qiymati 688,3 million dollarlik 389 ta loyiha amalga oshirilishi, 8 ming 800 ta yangi ish oʻrni yaratilishi taʼkidlandi. Loyihalarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan masʼul rahbarlarga topshiriqlar berildi.

    Viloyatdagi eksport faoliyati natijalari koʻrib chiqildi. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylari yakunlariga koʻra, eksport hajmi 158,5 million dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 foizga koʻpdir. Eksport yetkazib berish boʻyicha har kuni monitoring olib borish va yuzaga kelgan barcha muammolarni tezkorlik bilan hal etish boʻyicha topshiriq berildi.

    Yigʻilish yakunlari boʻyicha vazirlik, idoralar, tijorat banklari va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan qoʻshimcha topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.