Hukumat komissiyasi Surxondaryo viloyatida oʻz faoliyatini davom ettirdi

    Sanoat 21 Sentabr 2022 1435

    Joriy yil 20-sentyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev rahbarligida Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi Surxondaryo viloyatida oʻz faoliyatini davom ettirdi.

    Jumladan, Hukumat komissiyasi aʼzolari bir qator ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurdi. Diqqat markazida birinchi boʻlib Termiz shahrining “Shodlik” mahallasida 2,7 gektar maydonda joylashgan “Surxon oziq-ovqat mollari” AJ boʻldi. Loyiha 2 500 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini koʻcha haroratida saqlash uchun omborlar va 2 050 tonna mahsulotni noldan past haroratda uzoq muddat saqlash uchun muzlatgichlarga ega.

    Yoʻnalishdagi navbatdagi yirik investitsiya loyihasi Termiz shahridagi “Oravit ceramic” MCHJga qarashli santexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi boʻldi. Loyihaga kiritilgan 17,3 milliard soʻmlik investitsiyalar XXRdan ilgʻor uskunalar oʻrnatish, 80 ta yangi ish oʻrinlarini yaratish va yiliga 48 mingta santexnika buyumlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkonini berdi. Mahsulotning 30 foizi eksportga yuborilyapti.

    Hukumat komissiyasi aʼzolari “Asia KSP sifat” MCHJ faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu erda 10 gektar maydonda maydalangan qamish xom ashyosidan DSP plitalarini ishlab chiqarish boʻyicha 19 million dollarlik loyiha amalga oshirildi. Xitoydan keltirilgan ilgʻor uskunalar oʻrnatildi, mahsulotlarning 70% eksportga yoʻnaltiriladi.

    Navbatdagi obyekt – “Alpomish Service Invest” QK. Uning qiymati 48,2 milliard soʻm. Korxonaning quvvati yiliga 200 million bir martalik shpris va bintlarni ishlab chiqarish imkonini beradi.

    Bundan tashqari, Hukumat komissiyasi viloyatning Termiz tumanida joylashgan “Afrosiyob parranda” MCHJga tashrif buyurdi. Bu erda 0,7 gektar maydonda parrandachilik va chorvachilik sanoati ehtiyojlari uchun yiliga 55 million tonna boyitilgan ozuqa ishlab chiqarish imkonini beradigan zamonaviy uskunalar oʻrnatilgan.

    Tadbirkorlar bilan muloqot davomida ularning muammolari koʻrib chiqildi – har bir holat masʼul shaxslar ishtirokida batafsil muhokama qilindi hamda masalalar yechimining mexanizmlari ishlab chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.