Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov, sektorlar, masalaga aloqador boshqarma va tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda asosiy eʼtibor tadbirkorlar va eksportchilarning muammolarini aniqlash, hal qilish, shuningdek, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi taklif va tashabbuslarni oʻrganishga qaratildi.
– Oʻtgan oyda ham viloyatda xuddi shunday uchrashuv oʻtkazib, tadbirkorlarning muammolarini tinglagan edik, – dedi Respublika Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzoqov. – Natijasi qanday boʻldi? Chuqur tahlil qildik. Koʻrib chiqilgan 351 murojaatning 60 foizi oʻz yechimini topgan. Muddat talab etadigan qolgan masalalarning aksariyati hal etilish arafasida. Lekin, imkoniyat boʻlsa ham ayrimlari bajarilmagan. Mutasaddi rahbarlar bilib qoʻyinglar, tadbirkorning masalasi asossiz hal etilmasa, sizlarga chora koʻriladi. Sizlar bilan birga ularni tinglab, oʻrtaga tashlayotgan muammolarini yechib bermasak, biz koʻzlangan marralarga erisha olmaymiz. Buni toʻgʻri tushuninglar. Tadbirkorlardan esa his-hayajonga berilmay muammoni qisqa-loʻnda oʻrtaga tashlashni soʻrayman. Vaqtimiz yetarli. Barchangizni tinglab, masalani birgalikda yechish yoʻllarini izlaymiz.

Tadbirkorlar bilan rasmiyatchilikdan holi ochiq-oshkora muloqotga kirishilgan uchrashuvda ishbilarmonlar Komissiya rahbariyati va viloyat hokimiga bevosita murojaat etib, faoliyatida yuzaga kelgan muammolarini oʻrtaga tashladi. Ishbilarmonlar ilgari surgan masalalar respublika, viloyat mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida atroflicha muhokama etilib, ularning talab va ehtiyojlariga javob beradigan maqsadli yechimlar ishlab chiqildi. Jumladan, ochiq muloqotda Angor tumanilik tadbirkor Jasur Mamayusupov avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish nuqtasini barpo etish uchun “Har bir oila tadbirkor” loyihasi doirasida tijorat bankidan 245 million soʻm kredit mablagʻi soʻraganini aytib, masalani hal etish choʻzilayotganini maʼlum qildi. Bu murojaat tegishli bank masʼullari ishtirokida muhokama etilib, bir hafta muddatda kredit ajratilishiga kelishildi.

Bandixon tumanidagi “Bobur shirin meva” agroeksport korxonasi 400 million soʻm kredit evaziga adirlikda 36 gektar maydonda mevali bogʻ barpo etgan. Qator oralarida poliz ekinlari yetishtirishni ham yoʻlga qoʻygan. Bir kilometr masofaga quvur tortib, suv olib kelgan. Tadbirkor yana 36 gektar yerni oʻzlashtirib, mevali bogʻ yaratishni rejalashtirmoqda. Buning uchun 500 million soʻm subsidiya olishga yordam koʻrsatishni soʻradi. Bu masala tijorat banki, qishloq xoʻjaligi vazirligi va jamgʻarma mutasaddilari ishtirokida muhokama etilgach, oʻn kunda yechimini topadigan boʻldi.

Ochiq muloqotda mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar oʻrtaga tashlayotgan shu kabi masalalar yechimlarini tezkor amalga oshirish va ularni kelgusida ham qoʻllab-quvvatlash uchun bevosita aloqalarni yoʻlga qoʻyish tavsiya etildi. Mamlakatimizda rahbarlarning ishbilarmonlar bilan bevosita yuzma-yuz ochiq muloqoti yoʻlga qoʻyilgani hududlarning mavjud “oʻsish nuqtalari”dan foydalanib, tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish va odamlarning turmush darajasini yuksaltirishda, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlab, tezkor hal etishda eng samarali vositasi ekanini keng namoyon etmoqda. Tadbirkorlarni yangi loyihalarni amalga oshirib, xalq farovonligi, yurt obodligini taʼminlash yoʻlida xizmat qilishga undamoqda.
Mazkur muloqotda tadbirkorlarning qurilish materiallari, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy mehmonxona qurish va xizmat koʻrsatishning boshqa turlarini rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi hamda chorva mahsulotlari yetishtirish kabi yoʻnalishlarda ish boshlayotganini aytib, duch kelgan muammolarini yechishga yordam soʻragani ham bunga yaqqol dalildir.
“Muzrabot esse” masʼuliyati cheklangan jamiyati Muzrabot tumanida oʻtgan yili 1,5 million dollarlik asfalt-beton ishlab chiqarish va 500 ming dollarlik pishiq gʻisht ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan. Xorijlik sheriklari bilan sement ishlab chiqarish boʻyicha ham qiymati 20 million dollarlik loyiha tayyorlagan. Besh yuz kishini ish bilan taʼminlaydigan bu loyihani amalga oshirish uchun 14 million dollar kredit soʻradi.

– Tijorat bankiga barcha hujjatlar topshirilgan, – deydi tadbirkor S.Joʻrayev. – Masalaning yechimi choʻzilib ketayotgani uchun Hukumat komissiyasiga murojaat etdik. Bu muammomiz respublika va viloyat mutasaddilari ishtirokida har taraflama muhokama etilib, tez kunlarda mablagʻ ajratilishi maʼlum qilinganidan xursand boʻldik. Korxonamiz ishga tushsa kuniga ikki ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Byudjetga yiliga 14 milliard soʻm mablagʻ tushishi taʼminlanadi.
Yuzma-yuz muloqot chogʻida sherobodlik tadbirkor R.Koʻchkinovning Sariosiyo tumanida qiymati 90 million Yevroga teng toʻqimachilik kompleksi qurish tashabbusi ham qoʻllab-quvvatlandi. 1000 kishining bandligi taʼminlanadigan zamonaviy korxona uchun yer maydoni, kredit mablagʻi ajratish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning murojaatlari yuzasidan masʼul rahbarlarga masalalarni hal etish boʻyicha aniq muddat va amalga oshirish mexanizmlari koʻrsatilgan amaliy chora-tadbirlar dasturini shakllantirish topshirildi. Barcha masalalarning yechimi qatʼiy nazoratga olindi.
Manba: OʻzA.