“Hukumat soati”: kirish imtihonlaridagi “avval test, soʻng tanlov” tartibi qanday ishlaydi?

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan “Hukumat soati”da oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov 2024/2025-oʻquv yili uchun OTMlarga kirish test sinovlari yuzasidan maʼlumot berdi.

    Kongratbay Sharipovning qayd etishicha, 2024/2025 oʻquv yili uchun bakalavriatga qabul boʻyicha roʻyxatdan oʻtishning birinchi bosqichi joriy yil 5-iyun kunidan boshlandi va 25-iyungacha davom etadi. Buning uchun abituriyentlarga faqat test sinovlari oʻtkaziladigan yoʻnalishlarga test topshiradigan fanlar, taʼlim tili, test topshirish hududini tanlash, shuningdek, ijodiy imtihon oʻtkaziladigan yoʻnalishlarga esa bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni tanlash imkoniyati yaratildi.

    Roʻyxatdan oʻtishning birinchi bosqichi yakunlangandan soʻng, 1-25-iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14-28-iyul kunlari test sinovlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar boʻyicha vazirlik, Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda oliygohlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, abituriyentlar ijodiy imtihonda toʻplagan balini oʻsha kunning oʻzida, testda toʻplagan balini ertasiga bilishi mumkin boʻladi. Ijodiy imtihon va test sinovlari toʻliq yakunlangandan soʻng, 15 kun davomida roʻyxatdan oʻtishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib, 5 tagacha oliygoh (yoʻnalish), taʼlim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon oʻtkazilgan yoʻnalishlar uchun esa qoʻshimcha ravishda tanlangan yoʻnalish boʻyicha yana shuncha oliygohni tanlash huquqiga ega.