Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi

    Boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

    Vazirlar Mahkamasi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarining elektron-onlayn savdolari orqali ijaraga berilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” qaror qabul qildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 18-yanvardagi PF-15-son Farmonining 1 va 4-bandlarida 2024-yil 1-martdan boshlab:

    • qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov oʻrniga elektron onlayn-auksion savdolari joriy etish;
    • qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalari ijarachilariga ijaraga berilgan yer uchastkalari boʻyicha oʻz huhuq va majburiyatlarini yer uchastkasidan foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ruxsat berilganligi, bunda:
    • ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil davomida, ushbu bandning uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda esa, kamida besh yil davomida oʻzi foydalangan boʻlishi shartligi, bu muddat ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab hisoblanishi;
    • yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion savdolari, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalarini boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab besh yildan keyin yoʻl qoʻyilishi;
    • ijaraga beruvchi ochik elektron tanlov natijasiga koʻra ijara muddatiga teng taqsimlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarni yoki elektron onlayn-auksion savdolari natijalariga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan toʻlovlarni bir yoʻla toʻlashi shartligi belgilangan edi.

    Ushbu qarorga muvofiq esa, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi:

    • boʻsh turgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun elektron onlayn-auksion savdo orqali ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi;
    • elektron onlayn-auksion savdoni oʻtkazish uchun materiallarni tayyorlash, elektron onlayn-auksion savdoni tashkil etish va undan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash, ushbu Nizom talablariga rioya etilishini nazorat va monitoring qilish tartibi belgilandi.