Hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi

    Biznes 6 Yanvar 2022 5624

    Tegishli qaror prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan. Unga koʻra:

    2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning 500 milliard soʻmi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi;

    imtiyozli kreditlar hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 million soʻmgacha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida koʻzda tutilgan shartlarda ajratiladi;

    imtiyozli kreditlar hunarmandning talabi boʻyicha naqd pul olish imkoniyati bilan takdim etiladi va boshqalar.

    ➖ 2022-yildan boshlab Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan:

    “usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga — shogirdlar tayyorlashi, zarur xomashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlashi uchun 6 oy davomida har oyda BXMning 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda;

    shogirdlarga — mustaqil faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi, shuningdek, ustalarga — internet saytlarini tashkil etish, oʻz mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.

    Bunda, subsidiya ajratiladigan hunarmandlar va shogirdlar hisobi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yuritilib, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi.

    Shuningdek, joriy yildan boshlab “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun faoliyat yuritish joyidan qatʼi nazar, kommunal infratuzilma xizmatlari haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshiriladi.