Hunarmandlar mahsulotlari reklamasi davlat tilida raqamlashtiriladi

    Innovasion rivojlanish vazirligining amaliy va innovasion loyihalar tanlovida “Turizm sohasiga sayyohlarni jalb qilishda milliy hunarmandlik mahsulotlari brendining axborot platformasini yaratish” mavzusi bo‘yicha Toshkent moliya instituti olimlari guruhi tomonidan topshirilgan innovasion loyiha g‘olib deb topilib, moliyalashtirishga tavsiya etildi.

    Nega bu mavzu tanlandi, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Mamlakatimizda hunarmandlik va turizm sohalarida ko‘pgina tadqiqotlar amalga oshirilgan, shu kungacha hunarmandlar uchun mo‘ljallangan bir qancha veb-sahifalar mavjud bo‘lsa-da, ularda mahsulotlar brendi himoyalanmagan, jozibadorligi yetarli emas. Ya’ni hunarmandlar mahsulotlari orqali sayyohlarni jalb qilish mexanizmlari mavjud emasligi ushbu loyiha yaratilishiga zaruratni yuzaga keltirdi.

    Milliy hunarmandlik mahsulotlariga QR-kod qo‘yish orqali mahsulot brendi individualligini oshirish hamda xorijiy sayyohlarni jalb qilishning axborot platformasini yaratish borasida bir qator muammolarga yechim topiladi. Jumladan, turizm sohasida milliy hunarmandlik mahsulotlari onlayn savdosini shakllantirish, xorijiy sayyohlarni jalb qilishda milliy mahsulotlarga qo‘yilgan stikerlar orqali jozibadorligini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Milliy mahsulotlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning foto, audio, video, 3D formatdagi grafik, brend dizayner ishlanmalari tayyorlanadi, platformada iste’molchilar uchun mobil ilovalar yaratiladi, hunarmandlar o‘z mahsulotlarini tizimga joylashtirishi va jarayonni nazorat qilishi mumkin bo‘ladi. Muammoning yechimi sifatida milliy mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar ma’lumotlar bazasi va Milliy mahsulotlar klassifikatori, “bulutli texnologiya”lar asosida onlayn platformalar orqali ilovalar yaratiladi.

    Buning uchun esa turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar mahsulotlariga QR-kod generasiya qiluvchi dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi. Maxsus stikerlar shakllantiriladi va hunarmandlik mahsulotiga stiker qo‘yiladi (yopishtiriladi) hamda mahsulotning onlayn sotuvini amalga oshirish bo‘yicha uslubiy ko‘rsatma yaratiladi. Stikerli hunarmandlik mahsulotlari sotuvi amalga oshirilganda yoki qayta skaner qilinganda, iste’molchining ma’lumotlar bazasi avtomatik ravishda yangilanib boradigan tizim yo‘lga qo‘yiladi. Yaratilgan dastur orqali statistik kuzatuvlarni, hunarmandlarga buyurtmalar yuborish va qabul qilishni nazorat qilish imkoni paydo bo‘ladi. Ijtimoiy tarmoqlarga (Facebook, Instagram, Telegram, Youtube va h.k.) integrasiya qilish orqali stikerli hunarmandlik mahsulotlari targ‘iboti va reklamasi amalga oshiriladi. Xorijiy iste’molchilar milliy hunarmandlik mahsulotlari stikerini skaner qilganida to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi ma’lumot beradigan reklamaga o‘tiladi. Dastur turizm sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkoniyatini beradi. Milliy brend mahsulotlar ishlab chiqaruvchi hunarmandlar va tashkilotlar ma’lumotlari (manzillari, telefon raqamlari, geolokasiya va h.k.) hamda mahsulotlar hisobini yurituvchi integrasion yangilovchi elektron baza shakllantirib boriladi. Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar ishtirokidagi festival, yarmarka va ko‘rgazmalar to‘g‘risidagi e’lonlar beriladi.

    Loyihada ko‘rsatilgan mahsulotning yaratilishi va rejalashtirilgan axborot platforma va dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish uchun jamoada yetarlicha kompetensiya va ilmiy salohiyat mavjud.

    Chunki ijrochilar sifatida turizm sohasida xizmat ko‘rsatish jarayonlarida raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha nazariy tadqiqotlar qilgan professor, ilmiy tadqiqotchilar, mutaxassislar va amaliyotda milliy hunarmandlik sohasida tajriba orttirganlar to‘plangani ushbu loyihani bajarishda intellektual to‘siq bo‘lmasligini kafolatlaydi.

    Loyiha asosida erishiladigan yana muhim yutuqlardan biri milliy hunarmandlik mahsulotlarining onlayn savdodagi ulushi ortishiga erishilishidir. Xalqaro miqyosda milliy hunarmandlik mahsulotlari brendi keng yoyilishi va individualligi oshishiga olib keladi, turizm jozibadorligini oshirib, sayyohlarni yanada ko‘proq jalb qilish hamda turizm xizmatlari va milliy hunarmandlik mahsulotlari savdosini rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Chunki O‘zbekistonga sayyohlarni jalb qilish hamda turizm sohasini rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar mavjud. Lekin turizm sohasida hunarmandlik qay darajada rivojlanganini ko‘rsatib beradigan loyihalar yo‘qligi sababli bu ishlanmaning o‘z o‘rni bor.

    O‘tgan yillar tahlilida bu yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Ya’ni 2019 yil davomida O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan 5 milliondan ortiq sayyoh kelgan. Shuningdek, ushbu yilda turizm faoliyatida hunarmandlik mahsulotlari eksporti 15,2 million AQSH dollarini tashkil etgan. Shundan hunarmandlik mahsulotlari savdosining 45 foizi sayyohlar orqali, 25 foizi xalqaro ko‘rgazmalar doirasida 25 foizi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida hamda 5 foizi onlayn tarzda amalga oshirilgan.

    2020 yilda esa sayyohlar oqimi kamaygani va xorijiy mamlakatlardagi festival, yarmarka va ko‘rgazmalarda hunarmandlar ishtiroki oldingi yilning mos davriga nisbatan 90 foiz qisqargani sababli hunarmandlik mahsulotlari savdosi hajmi taxminan 70 foiz tushib ketdi. Faqatgina 2020 yilning birinchi choragida 4 million dollarlik eksport qilingan, xolos. Shundan 20 foizi xalqaro ko‘rgazmalar, 25 foizi shartnoma asosida, 15 foizi elektron savdo hamda 40 foizi say yohlar hisobiga to‘g‘ri keldi.

    Yangi ishlanma davlat tilida yaratiladi va rus, ingliz tillariga tarjima qilinadi. Bu bilan hunarmandlar mahsulotlarining dunyo yuzini ko‘rishi uchun davlat tilida raqamlashtirishdan foydalaniladi. Hunarmandlar o‘z mahsulotlari haqidagi ma’lumotlarni davlat tilida joylashtirganidan so‘ng shaxsiy kabinetlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri rus va ingliz tiliga tarjima va integrasiya qilinadi. Platformada unikal kod orqali mahsulotni to‘liq nazorat qilish hamda kodlar orqali to‘lovlarni amalga oshirish moduli yaratiladi. Mahsulotlarni onlayn do‘kon orqali sotish va sotilgan tovarlarni yetkazib berish uchun veb-sahifa to‘liq davlat tilida bo‘ladi, operasiyalar ham davlat tilidagi buyruqlar orqali amalga oshiriladi. Sotilgan mahsulotlar va talablar bazasi, statistik hisobotlarni generasiya qiladigan dasturiy ta’minot ham davlat tilida bo‘ladi.

    Dastur ko‘rinishidagi mahsulotni ilmiy-tadqiqot institutlari, sayyohlik tashkilotlari, hunarmandlar uyushmalari, statistika bilan shug‘ullanuvchi idoralar ish jarayonida foydalanish uchun sotib olishlari mumkin.

    Naibaxon Mamadaliyeva,

    filologiya fanlari doktori, professor