Misol uchun, oʻtgan olti oyda mahallalarda barvaqt oldini olish mumkin boʻlgan 12 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan.

Qotillik va tan jarohati bilan bogʻliq jinoyatlarning 50 foizi oilaviy-maishiy nizolar va muntazam janjallar oqibatida, oʻgʻrilikning 70 foizi ishsizlik va moddiy yetishmovchilik sabab, yoshlar va oʻsmirlar jinoyatlari, asosan, oiladagi muhit va huquqiy savodxonlik yetishmasligi tufayli sodir boʻlmoqda.

Shuningdek, ayrim huquq-tartibot idoralari rahbarlari jinoyatchilikni oldini olishda jilovni qoʻyib yuborgan.

“Ular orasida shaxsiy manfaatlarini kasbiy majburiyatlaridan ustun koʻrayotgan, huquq-tartibot idoralarida ishlashga nomunosib boʻlgan bir qator rahbarlar ham bor”, – dedi davlatimiz rahbari.