Huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarni spirtli ichimlik iste’mol qilganligini alkotester yordamida aniqlash tartibi joriy etiladi

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

    Unga muvofiq, huquqbuzarlik sodir etganlik holatini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlariga olib kelingan shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini alkotester yordamida aniqlash tartibi joriy etiladi.

    Qaror bilan Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlarida alkotester yordamida shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

    Endi ichki ishlar organlari xodimlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilari va (yoki) xodimlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etganlik holatini aniqlash maqsadida ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlariga olib kelingan shaxslarning alkogolli ichimlik iste’mol qilganligi alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkaziladi.

    Boshqa hollarda alkogolli ichimlik iste’mol qilganlikni aniqlash taqiqlanadi, yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan transport vositalari haydovchilarining alkogolli ichimlik iste’mol qilganligini aniqlash hollari bundan mustasno.

    Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxs alkotester yordamida tekshiruvdan o‘tkazilib, uning organizmida alkogol mavjudligi aniqlansa, biroq natijalari bo‘yicha ushbu shaxsda e’tirozlar mavjud bo‘lgan taqdirda, uning organizmida alkogol mavjudligi aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun ushbu shaxs mas’ul xodimlar tomonidan tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasiga olib boriladi.

    Ichki ishlar organlarining navbatchilik qismlari alkotesterlar bilan to‘liq ta’minlangunga qadar shaxslar tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda olib boriladi.