Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish boʻyicha harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-4947-son farmoni bilan bu sohada amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi. Shundan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4166-son qarori esa ushbu sohani yangi bosqichga olib chiqish uchun chinakam tamal toshi boʻldi desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Yuqorida keltirib oʻtilgan Prezident qarorining birinchi bandi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Milliy gvardiyasi va Ichki ishlar vazirligining Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanishi lozimligi keltirib oʻtilgan.

Xoʻsh, ushbu taklifning maʼqullanishiga qanday omillar sabab boʻldi?

Avvalambor, huquqbuzarliklarning sodir qilinishi insonlarning huquqlari, erkinliklari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzish hamda davlat va jamoat manfaatlariga putur yetkazish orqali sodir etilar ekan, bu sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning yetarlicha bilim va koʻnikmalarining yetarli emasligi ushbu sohadagi kadrlar zahirasini zamonaviy oʻqitish metodlari orqali shakllantirshni davrning oʻzi taqozo qilar edi.

Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasida asosiy figura bu barchamiz bilgan profilaktika inspektorlaridir. Shunday ekan, ularni yuridik bilimga ega boʻlishi juda muhim hisoblanadi. Ushbu lavozimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning mutaxassisligini tahlil qilish orqali shunday xulosaga kelish mumkinki, ularning aksariyati noyuridik oliy maʼlumotga ega xodimlar hisoblanadi. Bu esa tegishli masalalar yuzasidan murojaat qilgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish, shuningdek qonunchilikni yetarlicha qoʻllay olish kabi masalalarda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishiga olib kelishi mumkin.

Mazkur muammolarga barham berish uchun Prezidentning PQ-4947-son qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bugungi kunda mazkur Filialda jami 866 nafar talaba tahsil olib kelmoqda. Shuningdek, bugungi kunga qadar ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarida profilaktika inspektorlari va jamoat xavfsizligini taʼminlash xodimlarining 200 nafardan ortigʻi qayta tayyorlandi.

2021-2022-oʻquv yili Filial jamoasi uchun juda muhim hisoblanadi, zero mazkur oʻquv yilida birinchi qaldirgʻochlarimiz filialni bitirib, oʻz kasbiy faoliyatlarini boshlashadi.

Oʻz-oʻzidan savol tugʻilishi mukin. Filialga hujjat topshirish va oʻqitish qay tartibda amalga oshiriladi?

Ushbu savolga javob berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyundagi “Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filialiga oʻqishga qabul qilish tartibi va oʻquv jarayonini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga murojaat qilamiz. Qarorning oltinchi bandida talabgorning boʻyi haqida soʻz boradi va talabgor boʻyining balandligi quyidagi maxsus antropometrik parametrlarga javob berishi talab etilishi belgilab oʻtilgan:

erkaklarga — 165 santimetrdan past boʻlmasligi;
ayollarga — 160 santimetrdan past boʻlmasligi.

Qabul kvotasi esa 255 nafarni tashkil qilib, 18-25 yosh oraligʻidagi Toshkent shahri va viloyatida doimiy roʻyxatda turuvchi fuqarolar orasidan shakllantirladi. Bu koʻrsatkich faqat tayyorlash kurslari uchun amal qiladi va oʻqitish davomiyligi uch yilni tashkil qiladi. Bundan tashqari 50 nafar oliy noyuridik maʼlumotga ega boʻlgan ichki ishlar va Milliy gvardiya boʻlinmalarida faoliyat yuritayotgan kadrlarni maxsus olti oylik dastur asosida qayta tayyorlash nazarda tutilgan.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Filialning asosiy vazifasi yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni taʼminlashga qaratilgan oʻquv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hisoblanadi. Filial tomonidan bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilarga beriladigan diplom ichki ishlar organlariga Ichki ishlar vazirligi akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni oʻtmasdan, leytenant maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos boʻladi.

Ulfat Shonazarov,

Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy
fanlar kafedrasi mudiri v.v.b.