Oʻzbekistonda elektron hukumat tizimlari, huquqiy axborot portallari va mobil ilovalarning huquqiy targʻibotdagi oʻrni tahlil qilili, aholi huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan innovatsion axborot texnologiyalari, huquqiy kontent tarqatish platformalari, “Advice.uz” kabi axborot portallarining ahamiyati va fuqarolar ishtirokini kuchaytirish erishiga sabab boʻlmoqda. Natijada huquqbuzarliklarning oldini olishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha tavsiyalarni ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Huquqbuzarliklarning jamiyat hayotiga salbiy taʼsiri va uning iqtisodiy, ijtimoiy hamda maʼnaviy oqibatlari borasida koʻplab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Huquqiy madaniyat darajasi past boʻlgan jamiyatlarda huquqbuzarliklar koʻpchilikni tashkil etadi, bu esa davlatning huquq-tartibotni taʼminlashga qaratilgan resurslariga ortiqcha bosim tugʻdiradi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi huquqiy targʻibot va aholi xabardorligini oshirishda yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ayniqsa, elektron hukumat platformalari, huquqiy portallar va mobil ilovalar orqali fuqarolar oʻz huquq va majburiyatlarini oson, tezkor va qulay tarzda bilish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Shu maqsadda, huquqbuzarliklarning oldini olishda axborot tizimlaridan foydalanish tajribalari, qonunchilik asoslari va amaliy tavsiyalar tahlil qilindi.

Axborot tizimlarining huquqiy madaniyatdagi oʻrni

Axborot tizimlari huquqiy madaniyatni oshirishda muhim oʻrin tutadi. Ushbu tizimlar orqali fuqarolar qonunchilikdagi oʻzgarishlar, yangi normativ hujjatlar va huquqiy tavsiyalar bilan tezkor tanishish imkoniyatiga ega boʻladi. “Advice.uz” huquqiy portali fuqarolarga bepul huquqiy maslahatlar berish, qonunlar bazasiga kirish va savol-javob muloqotlarini amalga oshirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻplab huquqiy xizmatlar masofadan turib koʻrsatiladi. Axborot tizimlarining yana bir muhim jihati – ularning axborotni vizual va interaktiv shaklda taqdim etishi, bu esa aholining huquqiy bilimlarni tez oʻzlashtirishiga yordam beradi.

Oʻzbekistonda huquqiy axborot portallari va mobil ilovalar

Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda huquqiy axborotni ommalashtirish va fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirish maqsadida bir qator onlayn xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Ular qatorida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Advice.uz”, “Lex.uz” qonunchilik maʼlumotlari bazasi, hamda “E-auksion.uz” elektron savdo maydonchasi kabi platformalar mavjud. Mobil ilovalar ham fuqarolarga huquqiy xizmatlardan tez va qulay foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bu vositalar fuqarolarni haq huquqlarini himoya qilish bilan bir vaqtda undan foydalanish davrida huquqbuzarliklar oldini olishga sababchi va kerakli axborotga  kirishga imkoniyatini kengaytirish bilan birga, aholining huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Xalqaro tajriba va axborot texnologiyalari

Xalqaro tajriba shuni koʻrsatadiki, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish huquqbuzarliklarni sezilarli qisqartiradi. Masalan, Estoniya, Singapur  elektron hukumat platformalari orqali aholiga huquqiy xizmatlar toʻliq masofadan koʻrsatiladi. Bu fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilish jarayonini soddalashtiradi va huquqiy maʼlumotlarning ochiqligini taʼminlaydi. Oʻzbekistonda ham ushbu tajribalarni qisman joriy qilinib kelinmoqda va mahalliy sharoitga moslashtirilmoqda bu esa, huquqiy madaniyatni oshirishga xizmat qiladi.

Axborot tizimlari yordamida huquqiy madaniyatni oshirish usullari

Huquqiy madaniyatni oshirish uchun axborot tizimlaridan foydalanishning bir nechta samarali usullari mavjud: onlayn vebinarlar va treninglar tashkil etish, huquqiy infografika va animatsiyali videolar yaratish, interaktiv testlar va viktorinalar oʻtkazish, ijtimoiy tarmoqlar orqali huquqiy targʻibot ishlarini olib borish. Shuningdek, mobil ilovalar orqali fuqarolarga shaxsiy huquqiy maslahatlar berish tizimini yoʻlga qoʻyish ham samarali yoʻllardan biridir.

Tahlil va natijalar

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistonda axborot tizimlarini huquqiy madaniyatni oshirishda qoʻllash keng yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, ayrim toʻsiqlar mavjud. Jumladan, internet qamrovi past boʻlgan hududlarda fuqarolar onlayn huquqiy xizmatlardan toʻliq foydalana olmayapti. Shuningdek, ayrim fuqarolarning raqamli savodxonligi pastligi ularning imkoniyatlarini cheklamoqda. Shu sababli, qoʻshimcha ravishda offlayn huquqiy targʻibot ishlarini kuchaytirish va raqamli taʼlim dasturlarini koʻpaytirish zarur.

Xulosa

Axborot tizimlari huquqbuzarliklarni oldini olish va huquqiy madaniyatni oshirishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi. Oʻzbekistondagi huquqiy portallar, mobil ilovalar va elektron hukumat xizmatlari aholiga huquqiy bilimlarni tezkor va qulay tarzda yetkazish imkoniyatini yaratmoqda. Shu bilan birga, raqamli savodxonlikni oshirish, internet infratuzilmasini rivojlantirish va innovatsion huquqiy taʼlim dasturlarini joriy etish huquqiy madaniyat darajasini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yunusova M.S.
Toshkent davlat yuridik universiteti,
Umumtaʻlim va madaniyat kafedrasi professori