Davra suhbati «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi tomonidan tashkil etildi.Tadbirda adliya, prokuratura organlari, sud, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Adliya vazirligi tashkil etilganligining shonli 30 yilligida amalga oshirilgan ishlar, huquqiy axborotni tarqatishning kechagi va bugungi kundagi holati, huquqiy axborotni keng jamoatchilikka sodda va qiziqarli yetkazilishida sud-huquq idoralari va jurnalistlarning hamkorligi zarurati muhokama qilindi.

Davra suhbatini «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiev kirish so‘zi bilan ochib berib, tadbirga kelgan mehmonlarni Adliya organlarining shonli 30 yilligi bilan qutladi hamda huquqiy axborotni tarqatishning zamonaviy bosqichdagi ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdi.

«Bugun huquqiy axborot, targ‘ibot materiallari ham aholi ehtiyojidan kelib chiqib tayyorlanyapti. Masalan, markazimiz tomonidan chop etilgan ayollar huquqlariga oid qo‘llanmada ayollar bilishi zarur bo‘lgan barcha huquqlari jamlangan. Shu bilan birga huquqiy axborotni tarqatishda zamonaviy usullar qo‘llanyapti. Infografikalar, solishtirma jadvallar, qisqa tezislar, kichik matnlardan iborat huquqiy axborotlar tayyorlanyapti. Huquqiy targ‘ibotda interaktiv usullardan — viktorinalar, test va boshqa usullardan keng foydalanilyapti. Va bu boradagi ishlar yanada takomillashtiriladi» — ta’kidladi F.Tojiev

Sherzod Bahronov, «Adolt» MHAM direktori o‘rinbosari:

— 2017-2021-yillar barcha sohalar qatori huquqiy axborot tarqatish tizimini isloh qilishda ham tub o‘zgarishlar davri bo‘ldi. Adliya vazirligi qoshida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan huquqiy axborotlarni hamda targ‘ibot materiallarini tayyorlash va tezkor tarqatish, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini rasmiy e’lon qilish sohasida respublikaning yetakchi davlat muassasasi sifatida «Adolat» milliy huquqiy axborot markazi yangidan tashkil etildi. Bugungi kunda huquqiy axborotni tarqatishda innovatsion yondashuvlar qo‘llanilyapti.

Jumladan, Markaz tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba — LEX.UZ sayti yuritilyapti, hozirgi kunda ushbu bazada 100 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar joylashtirilgan bo‘lib, bir oyda 1,5 million odam saytda muntazam foydalanib keladi.

Shuningdek, Markaz tomonidan zamonaviy axborot texnologiyalaridan, xususan internet va ijtimoiy tarmoqlar – telegram, facebook, instagram, YouTube orqali huquqiy axborotni keng tarqatishga alohida ahamiyat berilgan. Shu bilan birga aholini huquqiy axborot bilan ta'minlashda 290 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib boruvchi «Huquqiy axborot» telegram kanali (@huquqiyaxborot)ning o‘rni katta.

Barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy axborot va maslahat bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi 10 ga yaqin huquqiy saytlar (advice.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, yurxizmat.uz, kurslar.huquqiyportal.uz, hudud24.uz) ishga tushirilgan.

Bundan tashqari, jismoniy va yuridik shaxslarga turli huquqiy hujjatlarni avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash va erkin foydalanish imkonini beruvchi maxsus axborot tizimi yaratilgan. Ushbu Legal Tech konstruktor-platformasi orqali 500 dan ortiq shartnomalardan bepul foydalanish mumkin.

Shuningdek, tadbirda Markaz tomonidan huquqiy axborot tarqatishda alohida ahamiyat kasb etuvchi maxsus doirada qo‘llanmalar tayyorlanib chop etilayotganligi, jumladan, fuqarolarga o‘ta muhim bo‘lgan hayotiy masalalarga oid qo‘llanma bepul tarqatilganligi ma’lum qilindi.

Davra suhbatida huquqiy axborot tarqatishda prokuraturaning o‘rni mavzusida ham ma’ruza tinglandi. Unda huquqiy axborot tarqatish hozirgi kunning asosiy mavzusi ekanligi, prokuratura organlari ushbu yo‘nalish bo‘yicha alohida shug‘ullanishi va ularning faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Davra suhbatida sudlarning aholini huquqiy axborot bilan ta’minlash borasida vazifalari, qonun hujjatlarini bevosita ijrochilar tomonidan keng ommaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazishda sudyalarning asosiy vazifalari, «OAV va huquqiy axborot» kabi mavzularda fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, nizoli holatlarda fuqarolar sudga murojaat qilishlari va bu jarayonda ular ko‘plab qonunchilik hujjatlariga duch kelishlari, ayni shunday holatlarda huquqiy axborotdan xabardorlikning yuqori bo‘lishi muhim ekanligi ta'kilandi. Shu bilan birga sud jarayonining o‘zi ham fuqarolarning huquqiy ongini yuksaltirishda ahamiyati katta ekanligi, suddagi har bir holat hayotiy misol orqali huquqni anglashlariga va ogoh bo‘lishlariga yordam berishi ta’kidlab o‘tildi.

Davra suhbati yakunida O‘zJOKU professori Yoqutxon Mamatova tomonidan «Huquqiy axborot qanday  tarqatilsa zerikarli bo‘lmaydi?» mavzusida ma’ruzasi tinglandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan takliflar bildirildi. Jumladan, huquqiy telekanal tashkil qilish, jurnalistika universitetlarida alohida huquqiy jurnalistika fakultetlarini ochishga oid, jurnalistlar uchun mahorat darslari tashkil qilish va boshqa bir qator takliflar aytildi. Davra suhbati qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.

«Adolat» MHAM matbuot xizmati.