Bu haqda vazirlikning jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurash, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qonun hujjatlarini aholiga va ijrochilarga etkazish, norma ijodkorligi va yuridik xizmatlarni takomillashtirish boʻyicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Xalq qabulxonalariga fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinib, 30 ta soha (yoʻnalish) boʻyicha manzilli targʻibot va tushuntirish ishlarini olib borilmoqda. SHuningdek, tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda jinoyatchilik koʻrsatkichi hamda ishsizlik darajasi yuqori boʻlgan hududlar roʻyxati shakllantirilgan. Mazkur hududlarda manzilli va predmetli targʻibot tadbirlari kuchaytirildi. Vazirlik tomonidan 2019 va 2020 yil birinchi yarmi davomida jami 520 mingga yaqin huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.

Pandemiya vaqtida fuqarolar bilan qayta aloqani oʻrnatish maqsadida ular uchun dolzarb va kundalik hayotda koʻp duch kelinadigan holatlar boʻyicha vazirlik veb-saytida 21 ta yoʻnalishni oʻz ichiga oluvchi alohida “Soʻragan edingiz” boʻlimi ochilib, hozirga qadar ushbu boʻlimda jami 400 ga yaqin savol-javoblar joylashtirildi. Fuqarolarning huquqiy maslahatga boʻlgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish maqsadida telegram messenjerida @huquqiy_maslahatbot, @notariusmaslahatibot, @davxizmataloqa_bot kabi telegram botlari ishga tushirildi.

Fuqarolarga oʻzlari istagan vaqtda huquqiy maʼlumot bilan tanishish imkoniyatini kengaytirish maqsadida Internet tarmogʻida Oʻzbekiston qonun hujjatlari milliy bazasi – “LexUZ” faoliyati yana-da takomillashtirildi. Mazkur saytdan bir kunda 45 mingtagacha odam foydalanayapti, kunlik foydalanuvchilar soni oxirgi 4 yilda 3,5 barobarga oʻsdi.

SHuningdek, vazirlik huquqiy targʻibotda yangi loyihalarni amalga oshirgan holda aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan, barcha aholi qatlamlarini bepul huquqiy maslahat bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi 5 ta huquqiy portal (advice.uz – e-maslahat.uz, Milliy huquqiy internet portali, bolahuquqlari.uz, test.adliya.uz, hudud24.uz) ishlab chiqdi. Tadbirkorlar uchun bepul huquqiy maʼlumot va maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portali  ishga tushirildi.

“Madad” byurolari tomonidan 12 mingga yaqin fuqarolarga xizmat koʻrsatildi, “Advice.uz” huquqiy axborot portali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimda javob berdi, sayyor huquqiy maslahat berish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Vazirlik rahbariyati tomonidan bevosita hududlarda oʻtkazilgan 40 dan ortiq sayyor qabullar jarayonida jami 3 799 nafar jismoniy va yuridik shaxs qabul qilindi.

Vazirlik tomonidan imkoniyati cheklangan, koʻzi ojiz shaxslarga oʻz huquqlarini tushuntirishga koʻmaklashish maqsadida xalqaro tashkilotlarning grant mablagʻlarini jalb qilgan holda brayl alifbosida 2 tomdan iborat “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami” 2 ming adadda nashr etildi va u koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29 ta qonun hujjatlardagi normalarni oʻz ichiga olgan.

SHu bilan birga, bu yoʻnalishda sohada yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar ham bor. Bir qator davlat organlari va tashkilotlari oʻz sohasiga oid qonun hujjatlarini aholi va ijrochilarga etkazishga yetarli darajada eʼtibor qaratmayapti. Tadbirda bu borada yechimini kutayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan adliya vaziri oʻz takliflarini bildirdi.

SHuningdek, vazirlik tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan hujjatlar, ishlab chiqilgan yuridik hujjatlar va ularning samaradorligi, eskirgan idoraviy hujjatlarni bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqish, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish xususida ham toʻxtalib oʻtildi. Adliya vazirligi tomonidan kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi.