Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 29 Noyabr 2022 5552

    Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tugatilib, uning shtat birliklari, oʻquv va moddiy-texnika bazasi Akademiyaga oʻtkaziladi.

    “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni (PF–257-son, 28.11.2022-y.) qabul qilindi

    Farmonga koʻra, Bosh prokuratura Akademiyasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etilib, unda jinoyatlarni tergov qilish sohasida kadrlarni amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlagan holda yagona yondashuv asosida tayyorlashga qaratilgan uzluksiz oʻquv tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

    Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tugatilib, uning shtat birliklari, oʻquv va moddiy-texnika bazasi Akademiyaga oʻtkaziladi.

    Akademiya Bosh prokuratura tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, yuridik shaxs maqomiga ega, ixtisoslashtirilgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

    Jinoyatlarni tergov qilish sohasida mutaxassislarni chuqurlashtirilgan maqsadli bazaviy tayyorlash va tergov hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Akademiya faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biridir.

    2023/2024 oʻquv yilidan Akademiyada tergov faoliyati va huquqni muhofaza qilish faoliyatining boshqa sohalarida bakalavriat (3 yil) va magistratura (1 yil) boʻyicha oʻquv jarayoni tashkil etiladi.

    Bunda qabul kvotalari bakalavriat boʻyicha – 250 nafargacha talaba, magistratura boʻyicha – 50 nafargacha oliy yuridik maʼlumotli vakolatli davlat organlari xodimlarini tashkil etadi.

    Akademiyaning qabul parametrlari har yili Prezident tomonidan belgilanadi.

    Akademiyaga qabul qilishda abituriyentlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa OTMga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

    Shuningdek, Vakolatli davlat organlari xodimlari uchun Akademiyada tegishli oʻquv dasturlari boʻyicha kasbiy qayta tayyorlash va malaka oshirishning majburiy tartibi joriy qilinadi.