Huquqni muhofaza qilish organi vazirining mamlakatimizga tashrifi Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarovning shu yil 11-12-mart kunlari Oʻzbekistonga qilgan davlat tashrifi yakunlari boʻyicha ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirish doirasida tashkil etildi.
23-martda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning qirgʻizistonlik hamkasbi bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv chogʻida tomonlar ikki tomonlama idoralararo hamkorlik masalalarini muhokama qildilar, jumladan, jinoyatchilikka qarshi kurash, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni qidirib topish, chegaraoldi hamkorlik, kasbiy tajriba almashishni faollashtirish, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar muhokama qilindi.
Qirgʻizistonlik mehmon ichki ishlar organlarida olib borilayotgan islohotlar jarayoni, tizim faoliyatiga axborot texnologiyalarni joriy etilishining ijobiy natijalari, shuningdek, jinoyatchilikni kamaytirish hamda uning oldini olish borasidagi ishlarni mahallabay amalga oshirishning yoʻnalishlari boʻyicha batafsil tanishtirildi.
Shu bilan birga, uchrashuvda hamkorlikning amaldagi huquqiy bazasini yangilash masalasi diqqat markazida boʻldi.
Konstruktiv muloqot natijalari boʻyicha tomonlar hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajada amalga oshirish uchun bir qator kechiktirib boʻlmaydigan, shuningdek tizimli va uzoq muddatli choralarni koʻrishga kelishib oldilar, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.