“Nasaf” klubining yosh, umidli hujumchisi Husayn Norchayev Rossiyaning “Alaniya” jamoasiga oʻtdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Husayn “Nasaf” futbol maktabi tarbiyalanuvchisi. U 2019-yildan buyon bosh jamoa tarkibida oʻynab kelmoqda. Futbolchi qarshiliklar tarkibida Superliganing bir marta kumush va bir marta bronza medallarini, ikki bor Oʻzbekiston kubogini qoʻlga kiritgan. 2021-yilda OFK kubogi toʻpurariga aylangan.
Shuni aytib oʻtish lozimki, “Alaniya” Rossiya 1-divizionida oʻynaydi. Jamoa 20 tur oʻyinlaridan keyin 38 ochko jamgʻarib, 2-oʻrinda bormoqda.
Kecha Husayn Norchayev klub rasmiy sayti orqali muxlislarga murojaat qildi.
“Faoliyatimda yangi sahifa ochishga yaqin turibman. Ammo qayerda boʻlsam ham “Nasaf” har doim yuragimda boʻladi. “Nasaf”ga muxlislik qilib, oʻyinlarini kuzatib borishga harakat qilaman.
Hozirgi darajaga chiqishga yordam bergan klub murabbiylari, rahbariyat, xodimlar va men bilan aka-uka boʻlgan jamoaning barcha aʼzolari hamda Roʻziqul Berdiyevga katta rahmat aytaman. Meni qarorimni qoʻllab-quvvatlagan klub bosh direktori Alisher Yusupovga, klub prezidenti Shuhrat Choriyevichga minnatdorchilik bildiraman.
Meni doim qoʻllab-quvvatlab kelgan jamoamizning barcha muxlislariga ham rahmat deyman. “Nasaf” har doim yuragimda boʻladi”, – deb yozgan Husayn Norchayev.