Husiylar Rossiya yuklari ortilgan ikkita tankerga hujum qildi

    Avvalroq Rossiya va Xitoy bilan G'arb davlatlariga qarshi hamkorlik qilishini bildirgan yamanlik husiylar Qizil dengizda Rossiya yuklari ortilgan ikkita tankerga hujum qildi.

    Bu haqda Qora dengiz strategik tadqiqotlari instituti monitoring guruhi rahbari va BlackSeaNews portali bosh muharriri Andrey Klimenko o'zining Facebookdagi sahifasida ma'lum qildi.

    Gap Rossiyaning Tuapse shahridan 100 ming tonna neft tashigan CHIOS LION tankeri va Taman bandargohidan jo'nab ketgan BENTLEY I tankeri haqida bormoqda.

    Kemalarga suv usti katerlari, ikkita kichik qayiq va bitta suv usti kemasi hujum qildi.

    CHIOS LION tankeriga zarar yetdi, biroq ekipaj jabrlanmadi. BENTLEY I tankeriga qilingan hujum oqibatlari haqida hozircha ma'lumot yo'q.

    AQSh Markaziy qo'mondonligi husiylar BENTLEY I va CHIOS LION tankerlariga hujum qilganini tasdiqladi, deb xabar beradi korrespondent.net.