Husnixat koʻp narsalar haqida soʻzlaydi

    Grafologiya – murakkab fan

    Zamonaviy dunyoda gadjetlar va turli klaviaturalar tobora kishi eʼtiborini tortib, xizmat qilishga shay tursa-da, yozish qobiliyatiga boʻlgan ehtiyoj oʻz ahamiyatini yoʻqotganicha yoʻq. Kimningdir ishi toʻgʻridan-toʻgʻri yozuvlar bilan bogʻliq boʻlsa, boshqalari kundalik yuritadi, yana kimdir oʻz yaqinlariga xat yozishni yaxshi koʻradi.

    Qanday boʻlmasin, maktabda ilk darslardanoq bolalar chiroyli yozishga oʻrgatiladi. Qoidalar hamma uchun bir xil – biroq keyinchalik har kimning “oʻz husnixati” shakllanadi. Nima uchun shunday boʻladi? Bu savolga yozuvlarni tahlil qilish orqali odamning feʼl-atvorini aniqlash sanʼati - grafologiya toʻgʻri javob berishi mumkin. Bugun biz u yoki bu turdagi yozuvlar nimani anglatishi haqida gaplashamiz.

    Chap tomonga engashtirib yozilgan yozuv - oʻjarlik belgisidir. Bunday odam baʼzan ehtiyotkor, baʼzida qatʼiyatsiz boʻladi.

    Oʻng tomonga engashtirilgan yozuv - yorqin ongga ega bagʻayrat kishi tabiatiga xosdir.

    Batartib (saranjom) harflar – odamni faqat eng yaxshi tomondan tavsiflaydi, bu uning ish yuritishi va oʻzini toʻgʻri tuta olishidan dalolat beradi.

    Baland “boʻyli” harflar - shaxsning aristokratizmlikka moyilligini anglatadi.

    Sershox harflar – kishi xatti-harakatlarining mardonavorligi, jurʼatliligini koʻrsatadi.

    Koʻp ilmoqli yozuv egasi – oʻziga ortiq darajada bino qoʻygan.

    Bir-biriga qoʻshilib ketgan harflar - kishining haddan tashqari xayolparastligi haqida gapiradi.

    Yirik harflar – samimiy va koʻngli ochiq shaxslarga xosdir.

    Burchakli (serqirra) harflar – xudbinlikdan ishora.

    Yumaloq harflar – marhamatli kishilarga xos.

    Siqilgan harflar – ziqnalikni tavsiflaydi.

    Yirik-yirik va oralari ochilgan yozuv egalari - isrofgarchilikka moyil kishilardir.

    Pastga qarab ketadigan qatorlar egasi oʻziga past baho berishini anglatadi.

    Tepaga qarab koʻtarilish – izzattalablikdan dalolat.

    Mayda yozuv – odamovi (damduz).

    Bir tekis harflar – bamaylixotirlik haqida gapiradi.

    Ingichka harflar – ilmiy faoliyatga isteʼdod (qobiliyat) nishonasi.

    Bu yozuvlarning eng keng tarqalgan turlari va ularning xususiyatlari edi. Albatta, faqat ushbu maʼlumotlarga asoslanib, odamning toʻliq portretini yaratish mumkin emas. Lekin oʻzingiz va yaqinlaringizni tahlil qilib, yozuv haqiqatan ham ularni tavsiflab beradimi yoki yoʻqmi, tushunib olishingiz mumkin. Bu qiziqarli boʻlsa kerak!

    B.Muhammadiyeva tayyorladi.