Oʻtgan sakkiz yil davomida, ushbu hudud aholisi tibbiy xizmat uchun sakkiz-oʻn chaqirim uzoqda joylashgan, “Qahramon” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli 36-oilaviy poliklinikaga borgan boʻlsa, endi”Obod qishloq” davlat dasturi sabab bunga hojat qolmadi.
— 2017-yildan buyon faoliyati toʻxtatilgan, ammo taʼmir talab boʻlib qolgan “Husnobod” oilaviy shifokorlik punktini qayta ishga tushirdik, — deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Maqsatulla Narzullayev. — Buning uchun davlat byudjetidan 600 million soʻm atrofida, pul mablagʻlari yoʻnaltirildi.
Rekonstruksiya ishlarini viloyatdagi “Revgar qurilish montaj servis” masʼuliyati cheklangan jamiyat quruvchilari amalga oshirdi.
— Bizlar uchun, Husnobodda “Husnobod” oilaviy shifokorlik punktini qayta ishga tushirilgani kutilmagan tuhfa boʻldi, — deydi endigina 68 yoshni qarshilayotgan Sulaymon ota Xolmurodov. — Bundan bir muddat oldin, tibbiy xizmat uchun ovorayu, sarson boʻlib “Qahramon”ga borardik. Yogʻin-sochinli, qish-qirovli kunlarda yoʻl yurishni tasavvur qiling. Bugun esa, bu muammolarga chek qoʻyildi. Zamonaviy, barcha shart-sharoitga ega boʻlgan tibbiyot muassasasiga ega boʻldik.
Qayta ishga tushgan va faoliyatini yangitdan boshlagan “Husnobod” oilaviy shifokorlik punktida 25 ta ish oʻrni yaratilib, u yerda 1 ta oila shifokori, 2 ta umumiy amaliyot shifokori, 1 ta doya, muolaja va patronaj hamshiralari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu esa, aholiga salomatlik bilan bogʻliq muammolarni yechishda, amaliy maslahat va tavsiyani oʻz hududida soha xodimlaridan olish imkonini beradi.
Gʻulom Primov,
Sirdaryo viloyat
Sogʻliqni saqlash boshqarmasi
matbuot kotibi.