Yangi Oʻzbekistonda kechayotgan shiddatli islohotlar, ilm-fan va texnologiyalarning jadal rivojlanishi har bir sohada raqobatbardosh, zamonaviy bilim va koʻnikmaga ega kadrlarga ehtiyojni tobora oshirmoqda. Ayniqsa, taʼlim tizimi uchun yetuk mutaxassislarni tayyorlash masalasi mamlakatning ertangi taraqqiyotini belgilaydigan strategik vazifalardan biri sifatida namoyon boʻlyapti. Chunonchi, pedagogika yoʻnalishida yoʻl qoʻyilgan zarracha xato ham taraqqiyotda yillab ortda qolishga olib kelishi mumkin.

Bu jarayonda oʻqituvchining bilimdonligi, dunyoqarashi, kasbiy mahorati va yangilikka intilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi, albatta. Shunday ekan, ayni paytda maktabga, universitetlarga kelayotgan pedagog kadrlarning bilimi, va salohiyatini yanada oshirish zarurati, buning uchun oliy oʻquv yurtlari qanday faoliyat yuritishi kerakligi soha masʼullari qatori koʻpchilikni oʻylantiradi. Chirchiq davlat pedagogika universiteti rektori, Oʻzbekiston fan arbobi,  professor Gʻofurjon MUHAMEDOV bilan suhbatimizda asosan shu masalalar doirasida fikr almashdik.

— Gʻofurjon Isroilovich, bugun jamiyatga diplomli bitiruvchi emas, ish joyiga kelganidanoq natija koʻrsata oladigan kuchli kadrlar kerak boʻlyapti. Shu maʼnoda, Chirchiq davlat pedagogika universiteti bitiruvchilari ayni talab­ga nechogʻliq javob beryapti? Ular raqobatchi oliygohlar bitiruvchilaridan qaysi jihatlari bilan farqlanib turadi?

— Juda toʻgʻri taʼkidladingiz, bugun oliy taʼlim bitiruvchilariga qoʻyilayotgan zamon talabi butunlay oʻzgardi. Ayniqsa, oxirgi yillardagi yangilanishlar — bozor iqtisodiyotiga keskin oʻtish talabalarning oʻz mutaxassisligi doirasida chuqur bilimga ega boʻlishini taqozo qilyapti. Avvalgidek aksariyat yoshlarning diplom olish uchungina oʻqishi endi hech kimni qanoatlantirmaydi.

Aynan bizning bitiruvchilarga kelsak, ular hozirgi zamon talabiga mos bilim, kompetensiyaga ega boʻlgan va muammolarni mustaqil yecha oladigan yoki muammoga toʻgʻri javob bera oladigan mutaxassis boʻlishi kerak. Negaki oliygohimiz 2017-yilda Toshkent viloyatida aynan pedagog kadrlar va ularning malakasi yetishmasligini hisobga olgan holda Prezidentimiz farmoni bilan tashkil qilingan. Shu maʼnoda, biz ishni farmonda qoʻyilgan talablarni bajarish uchun Toshkent viloyatida, ayniqsa, Chirchiq shahrida pedagog kadrlarga ehtiyoj va ularning muammosini oʻrganishdan boshlaganmiz. Butun viloyat boʻyicha maktab direktorlari orasida anonim soʻrovnoma oʻtkazganimizda oʻqituvchilarda kasbiy mahorat bilan birga amaliy tajriba yetishmayotgani koʻringan.

Shuningdek, taʼlim ishtirokchilari alohida-alohida, oʻz holicha ishlayotgani va bu holat tarqoqlikka olib kelgani maʼlum boʻlgan. Eng yomoni, mana shu tarqoqlik biz tayyorlab beradigan kadrlar hayotida ham oʻz aksini topishi mumkin edi. Uzoq oʻylanishlardan soʻng institutning asosiy strategik yoʻnalishi sifatida “Pedagogik taʼlimning innovatsion klasteri” loyihasini yoʻlga qoʻydik. Zero, taʼlim tashkilotlarini birlashtirish uchun ham yangicha yondashuv —
klaster tizimi kerak edi. Mazkur tizim asosida institut rahbariyati, xodimlari, xalq taʼlimi boʻlimlari, maktab direktorlari va taʼlimni boshqaruvchi tashkilotlar hamda hokimlik vakillaridan iborat kengash tuzdik. Oʻquv rejalariga oʻzgartirishlar kiritdik. Shundan soʻng taʼlimda ishtirok etayotgan har bir subyekt oʻziga qandaydir masʼuliyatni olishga majbur boʻldi, oʻz-oʻzidan birlashish kuzatildi.

Muhimi, bu birlashuvni talabalar his qila boshladi. Biz esa ularga maktablarni oʻrganib kelish vazifasini topshirdik. Bu borada bizga “4+2” usuli katta yordam berdi. Yaʼni talaba 4 kun universitetda oʻqiydi, 2 kun maktabda amaliyot oʻtaydi. Talabalarimizni maktablarga kiritish orqali u yerdagi kamchiliklarni koʻra boshladik. Aniqlangan muammolarni professor-oʻqituvchilar bilan birga hal qilish yuzasidan har hafta seminarlar tashkil qilindi va bu oʻz natijasini berdi.

Oʻziga ishonch bildirilgan har qanday yosh oʻsha ishonchni oqlash uchun qayerdan boʻlmasin, kuch topadi, izlanadi. Bizda ham shunday boʻldi. Muammolarni yechishda mus­taqil ishtirok etayotgan talaba esa oʻzini ijrochi sifatida koʻra boshladi va zimmasiga masʼuliyat yuklanganini tushunib yetdi. Shuningdek, klasterning samarasi oʻlaroq, bitiruvchilarimizning maktabga moslashuv davri qisqardi. Maktab direktorlari orasida oʻtkazilgan soʻrovnomadan maʼlum boʻldiki, talaba-bitiruvchilar oʻrta hisobda 4-5 yilda maktab muhitiga toʻla singishib ketar ekan. Ana shu davrni qisqartirish esa oʻquv davridanoq, yaʼni 2-kursdan maktab hayotiga kirib borishni taqozo etadi.

— Tan olish kerak, nazariya va amaliyot uygʻunligi eng ogʻriqli nuqtalarimizdan. Talabalarning tayyor mutaxassis sifatida maktabga borishi, taʼlim muassasasiga tezroq moslashib ketishi uchun yana nimalar qilish kerak?

— Oʻquv davridanoq talabaning oldiga muammolar bazasini qoʻyish kerak. Nazariy bilimlar berilayotganda professor-oʻqituvchi savolni toʻgʻri qoʻya bilsa, yaʼni “mana shu muammoning yechimini oʻtilayotgan mavzu bilan bogʻlab tushuntira olasizmi?” desa, talaba chuqur mulohaza yuritish, aniq fikr­lashga harakat qiladi. Talaba maktab­ga amaliyotga borganida, mayli, qiynalsin, mayli, yanglishsin, lekin muammoni aniqlab olish — uning yarim yechimi.

Yuqorida aytilganidek, bu borada ham taʼlim subyektlari bilan birgalikda ishlashni tashkil qilish kerak. Tuman xalq taʼlimi boʻlimlari, maktab direktorlari va maktab oʻqituvchilari talabalarning oldiga muammoni qoʻyib, uning munosib yechim berishiga erishishi lozim. “Ustoz-shogird” anʼanasi esa talabaning jamoaga koʻnikib ketishida katta oʻrin tutadi. Tajribali ustozlar yoshlarni suyab, bilmaganini oʻrgatib, oʻrni kelganda darslarini tez-tez kuzatib, tahlil qilib tursa, yoshlar maktabga, jamoaga mehr qoʻyadi.

Amaliyot oʻtayotgan talabalarimizning bilim saviyasi, bolalar bilan qanday til topishayotgani haqida maktab direktorlaridan soʻrab turamiz. Rosti, “Sizning talabalaringiz boshqa talabalarga nisbatan tez moslashib ketdi”, degan fikrlarni tez-tez eshitamiz. Albatta, bu quvonarli. Demak, bu yoʻldagi saʼy-harakatlarimiz bitiruvchilarimizning boshqalardan farqli boʻlishiga, sof raqobatga xizmat qilyapti. Aksincha holatda esa talabamizning qaysi jihatlarda oqsayotgani bilan qiziqamiz. Ana shu sohalarni aniqlab, talabalar universitetda boʻladigan vaqtda ular bilan kafedralarda alohida ishlanadi va oʻziga xos natija seziladi.

Shunday paytlar boʻldiki, aniqlangan muammoning oʻziga ham, uning yechimiga ham guruh-guruh boʻlib, differensial yondashish talab qilindi. Har bir fan boʻyicha kanallar, botlar ochildi, savol-javob yoʻlga qoʻyildi. Maktab oʻqituvchilari, direktorlaridan asosan laboratoriya mashgʻulotlarini oʻtkazish, laboratoriya qurilmalarining yetishmovchiligi, aniq fanlarda masalani qanday ishlash boʻyicha savollar kelib tushdi. Barchasiga yechim topishga harakat qildik.

Toʻgʻri, bu oson kechmadi, kamida 4 yil vaqt sarflandi. Shu vaqt mobaynida talabalarning oʻzlari ham jarayonni tushunib yetdi. Keyin boshqa muammolar chiqib kela boshladi. Demak, ish bor joyda muammo yuzaga keladi. Shuning uchun yoshlarni mustaqil ishlashga, muammolar yechimini qidirishga oʻrgatishimiz muhim. Masalan, agar bir talabani kitob oʻqishga, undan foydalana olishga, oʻziga kerakli maʼlumotni topish va oʻqiganini tahlil qila olishga oʻrgatsak, oʻylaymanki, uning faoliyatida hammasi yaxshi boʻladi.

— Kerakli maʼlumotni topish haqida gap ketganda, bevosita sunʼiy intellekt va uning talabalar hayotidagi oʻrni namoyon boʻladi. Zero, u oʻzining cheksiz imkoniyat­lari bilan ayrim yoshlarni mus­taqil ishlash, izlanishdan cheklab qoʻyyapti. Talabalarni shunday xavotirli taʼsirlardan himoyalash uchun universitet qanday choralar koʻryapti?

— Aytganingizdek, sunʼiy intellektning hayratimizni oshirgudek yaxshi jihatlari bilan birga xavotir uygʻotadigan zararlari ham bor. Biz talabalarga bilim berishda undan faqat vosita, qurol sifatida foydalanishimiz kerak. Yaʼni birinchi oʻrinda — talaba, inson. Ikkinchi oʻrinda — sunʼiy intellekt.

Hozir sunʼiy intellektdan foydalanish uchun maktabgacha taʼlim hamda bosh­langʻich taʼlimda shaharlar, viloyatlarda situatsion markazlar tashkil qilinyapti. Biz bunday markazlarni axborot-tahlil markazi deb atash tarafdorimiz va bu tarafdorlik asosida oʻzimizda ham shunday markaz tashkil qilinyapti. U bilan talabaning davomati, kontrakt toʻlovlarini toʻlashi, darsga kelib ketishi va oldidagi muammolarga qaysi adabiyotlarda javob berilganini oʻrganishiga erishishni koʻzda tutganmiz.

Ayni paytda ikkita fakultetimizda “Alisa” nomli sunʼiy intellektdan foydalanilyapti. Masalan, talaba unga savol beradi. Javob HEMIS dasturiga, internetga ulangan. Aytaylik, talaba sunʼiy ­intellektdan nimalarnidir oʻrgandi. Lekin imtihon paytida u “Alisa” bergan javobni yodlab olib, aynan shundayligicha aytib berdimi yoki oʻzi tahlil qilib, mustaqil javob bera oldimi, shu yaqqol koʻrinib qoladi. Buning uchun professor-oʻqituvchilar talabalar bilan mana shunday usulda ishlay boshladi. Demak, bundan mustaqil taʼlimni tashkil qilishda unumli foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, “Kelajak oʻqituvchisi” konsepsiyasini boshladik va loyihani barcha talabalarga tarqatdik. Bu “Pedagogik taʼlim innovatsion klasteri” tarkibida boʻladi. Asosiy maqsad — bitiruvchi qanday kompetensiyaga ega boʻlishi lozim, mustaqil ishlarni qanday tashkil qilish, talaba bilan qanday ishlash kerakligini oʻrgatish.

Bu yil har bir yoʻnalish boʻyicha “Kelajak oʻqituvchisi” yoʻnalishida katta tanlov oʻtkazamiz. U boʻlajak pedagoglarda kasb mahorati, etikasini tarbiyalashda muhim omil boʻladi deb umid qilamiz. Chunonchi, tanlovga tayyorlanish jarayonining oʻzidayoq talabada boʻlgʻusi kasbiga muhabbat paydo boʻladi, nechogʻliq mashaqqatli boʻlmasin, oʻqituvchilikning sharafli ekanini tushunib boradi.

Shuningdek, bola bilan ishlash hammaga ham ishonib topshirilavermasligi, buning masʼuliyati katta ekanini ham anglab yetadi. Zero, keyingi paytlarda bogʻchada bolani urish, maktablarda oʻquvchilar bilan nizoli holatlar koʻpaydi. Mana shunday holatlarda bola bilan, oʻquvchi bilan qanday muloqotda boʻlish, vaziyatni qanday nazorat qilish kerakligini tushunib yetishda yuqoridagidek tadbirlarning taʼsir kuchi katta boʻladi.

— Chirchiq kengayayotgan, sanoatlashgan, endi esa ziyolilar maskani boʻlishi kutilayotgan shaharlardan. Shu maʼnoda, universitetga yoshlarni jalb qilishda shaharning oʻziga xos salohiyatidan qanday foydalanilyapti? Bu oliygohning reytinglardagi natijalariga qay darajada taʼsir etadi?

— 2022-yilda davlatimiz rahbari farmoni bilan oliy taʼlim muassasamizga Chirchiq davlat pedagogika universiteti maqomi berildi. Albatta, ushbu maqom bilan yelkamizga ulkan masʼuliyat yuklandi. Bu masʼuliyatni koʻtara bilish, universitet maqomida ish yuritish, yaʼni katta-katta vazifalarni bajarish oson emas.

Dastlab bittagina binoga ega kollej oʻrnida boʻlgan oliygohimizning hozir 5000 dan ortiq oʻquv joyiga ega 12 ta yangi oʻquv korpusi mavjud. Oʻsha paytda bizga ajratilgan 200 oʻrinli talabalar turar joyi ham taʼmirdan chiqarildi. Ayni vaqtda 2500 oʻrindan ortiq sigʻimli talabalar turar joyiga egamiz. Yana 4 ta kollej ixtiyorimizda.

Umuman olganda, avvalo, moddiy-texnik baza mustahkamlandi. Ikkinchidan, shu joylarda ilmiy laboratoriyalar qurildi. Eng asosiysi, xodimlarga “professor-oʻqituvchi, jamoa — talabalar uchun” degan tamoyilni singdirdik. Imkon qadar barcha talabalarimizni, professor-oʻqituvchilarimizni maktablarni oʻrganishga yoʻnaltirdik. Bu orqali maqsadimiz keng miqyosli tanitish, tanilish boʻldi. Aniqrogʻi, imkon qadar mazkur oliy oʻquv yurti shu xalq uchun, Chirchiq atrofi, Toshkent viloyatiga xizmat qilish uchun tashkil qilinganini odamlarga singdirishga harakat qildik.

Ana shu tanilish bizga juda katta effekt berdi. Xususan, muammolarini yechishda, bolasini tarbiyalashda qiynalayotgan ota-­onalar farzandlarini olib kela boshladi. Art pedagogika laboratoriyasi, psixologik yoʻnalishdagi laboratoriyalarni tashkil qildik. Inklyuziv taʼlim muassasasida
3 ta laboratoriya ishlab turibdi. Natijada talabalarning, ota-onalarning institutga kelishi koʻpaydi. Hatto 1-2-kursni bitirib, oʻqishini boshqa institutlarga koʻchirib ketgan talabalarning 50-60 foizi yarim oy-bir oyda qaytib keldi. “Oʻzimizning oliygoh yaxshi ekan, auditoriyamiz, oʻqituvchimiz ham yaxshi”, degan gaplar bizga qanchalar kuch berishini tasavvur qiling. Quvonarlisi, ular bizga mutaxassis sifatida qaraydi. Albatta, bunda professor-oʻqituvchilarning xizmati beqiyos.

Ayni paytda respublikamizning hamma viloyatidan yigit-qizlar — talabalarimiz bor. Eng koʻpi Toshkent, Qashqadaryo, Xorazm viloyatidan kelgan. Qoraqalpogʻiston, Toshkent shahridan ham kelib oʻqishadi. Bu esa, oʻz-oʻzidan, raqobatdosh oliygohlar, umuman, barcha OTMlar orasida reytingimiz oshib borishida muhim omil boʻlmoqda.

— Pedagogika universiteti faqat oʻqituvchi emas, kelajakdagi maktab rahbari, metodist va taʼlim islohotlarini amalga oshiradigan menejer ham tayyorlashi kerak, toʻgʻrimi? Shu maqsadda lider talabalar bilan alohida ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilganmi?

— Albatta, bu bizning oltin fondimiz. Shunaqa liderlarni topish, tanlash uchun har bir fakultetda “Talabalar akademiyasi” tashkil qilingan. Akademiya ilgʻor, oʻzining loyihasi, startapi bor yoshlarni jamlaydi. Buning yaxshi jihati shundaki, viloyatlardan kelgan ayrim talabalar tarbiya, xarakter nuqtayi nazaridan oʻzining tashabbuslari, yangi gʻoyalari haqida professor-oʻqituvchilarga ochiq gapiravermaydi. Akademiyada esa tengdoshlari bilan ochiq gaplashadigan, gʻoyalarini oʻrtaga tashlaydigan muhit shakllangan. Maqsad, oʻsha tortinchoq talabalar lider talabalarga bemalol gapirsin, koʻnglini ochsin. Liderlar esa bu haqda biz, ustozlarga gapiradi. Shu tariqa har qanday ezgu niyat, harakat roʻyobga chiqishiga erishamiz.

Demak, talaba uchun iqtidorini koʻrsatish, oʻzini hayotga tayyorlash shu yerdan boshlanadi. Masalan, sunʼiy intellekt elementlarini kiritgan holatda psixologik test oʻtkazuvchi apparat ixtiro qilgan yoshlar bor. Kimlardir boshlangʻich taʼlim, maktab taʼlimiga “Science” — bir necha fanlar toʻp­lamini yangilik sifatida kiritdi. Ana shu fanlar toʻplamini oʻzlashtirish, oʻsha fanlar toʻplamida dars berish metodikasini yaratish boʻyicha takliflar berildi. Maktabgacha taʼlim mutaxassisligida bogʻcha laboratoriya, maktab taʼlimida maktab laboratoriya­lari qurdik. Har bir yoʻnalishda shunday laboratoriyalar mavjud.

Ikki magistrimiz Kembrijga borib keldi va Kembrij metodikasi asosida dars oʻtish usullarini taklif qildi. Mana bular — bizning iqtidorli talabalar. Asosiysi, iqtidorlarni kashf etib, ularga toʻgʻri yoʻnalish, sharoit yaratish eng birlamchi vazifa. Hali bu borada yana koʻplab ishlar qilinyapti. Zero, iqtidorli yoshlar shu universitetga ham, keyinchalik butun pedagogik taʼlimga ham oltin fond boʻlib qoladi.

— Universitet talabalari orasida oʻqituvchi boʻlishni istamaydigan, tasodifan kelib qolganlarni aniqlash va kasbga saralash mexanizmi bormi?

— Toʻgʻri, yuqorida aytganimizdek, hozir ham barcha yoshlarni birdek diplom emas, bilim uchun, oʻzi sevgan kasbni egallash maqsadida oʻqiyapti deb boʻlmaydi. Shundan kelib chiqib, universitetimizning maʼnaviyat-maʼrifat ishlari boʻyicha prorektori oʻquv ishlari boʻyicha prorektor bilan birgalikda har yili ikki marta anonim soʻrov oʻtkazadi. Soʻrovnomada “Siz keyingi kelajagingizni qanday tasavvur qilasiz?”, “Maktabda ishlaysizmi?”, “Pedagog boʻlasizmi?” kabi savollar bor. Soʻnggi tahlillarga koʻra, 15 foizgacha talabalar “Yoʻq, men oliy oʻquv yurtini bitirgandan keyin oʻqituvchi boʻlib ishlamayman”, degan javobni tanlagan boʻlsa, aksariyat talabalar “Men ilmiy ish bilan shugʻullanaman, pedagog boʻlaman”, deya javob bergan.

Biz mana shunday oʻrganishlar bilan, avvalo, bakalavriatdan magistraturaga kiruvchi talabalarni tanlab olishga harakat qilishimiz kerak. Ayni paytda bu amaliyot 30-40 foizgacha oʻzini oqlayapti, deya olamiz. Bu borada yanada rivojlanish yoʻlidamiz. Yaʼni haqiqatan ilmiy ish qilaman, ­izlanaman degan yoshlarga magistraturaga kirishi uchun chet tilini oʻqitsak, asl yetuk kadrlar koʻpayishiga xizmat qilamiz. Bu yildan shunday yoshlarni chet tiliga oʻqitish boshlanadi.

Doktorantlarga ham ochiqchasiga “Bizga kiradigan boʻlsangiz, mana ilmiy izlanish­lar bazasi, qaysi soha boʻyicha ishlaysiz? Agar ishlamasangiz, bizning doktoranturani band qilmang”, deyapmiz. Universitetda pedagogika sohasida yechilmagan muammolar bor. Ularning qaysi birini hal qilishga yordam berasiz, qaysi yoʻnalishda ishlamoqchisiz, deyapmiz. Afsuski, koʻpi qaytib ket­yapti. Biroq shu orqali soha kelajagi uchun jon kuydirishni istagan, butun borini shu yoʻnalishga bagʻishlay oladigan kadrlarni saralab olishga erishyapmiz.

— Gʻofurjon aka, nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham yirik olim, universitet rahbari sifatida hali toʻliq amalga oshira olmagan maqsadlaringiz bormi?

— Amalga oshmagan orzular juda koʻp. Birinchidan, talabalarimiz ularni umid bilan shu yerga yuborgan xalqning, davlatning ishonchini oqlasin. Ikkinchidan, ular chet ellarda ishlaydigan nufuzga ega boʻlsin. Yaʼni malakasi, tilni bilish darajasi va kompetensiyasi shu darajaga borib yetsin. Yana bir asosiy maqsadim — bugunning talabi, davlatimiz rahbari ham bot-bot ­gapirayotgan dual taʼlimni haqiqiy maʼnoda yoʻlga qoʻyib olish, mutaxassis tayyorlash.

Biz dual taʼlimda qoʻshmutaxassislikka asoslangan shunday tizimni yoʻlga qoʻymoqchimizki, unda talabalarimiz ham tilni yuqori saviyada bilsin, ham yana bir mutaxassislikka ega boʻlsin. Umuman, bir-biriga yaqin ikki yoʻnalishni birdek oʻzlashtirish imkoni yaratilishi darkor. Masalan, maktab­gacha taʼlim yoʻnalishida — ham maktab­gacha taʼlim mutaxassisi, ham enagalik yoxud bosh­langʻich taʼlimda — ham boshlangʻich taʼlim mutaxassisi, ham uy hamshirasi tayyorlanadi. Xuddi shu kabi boshqa sohalarda ham oʻziga turdosh, oʻxshash yoʻnalishlar berishni koʻzda tutyapmiz. Boisi, yoshlar oliygohni tamomlaganidan keyin yurtimizda ham, chet elda ham egallagan bilimini, ichki imkoniyatini toʻliq realizatsiya qila olishi muhim.

Yana bir katta ish boshlaganmiz. Yangi kompozitsion materiallar yaratish, ularni qishloq va suv xoʻjaligiga tatbiq etish borasida ishlayapmiz. Katta laboratoriya gen injeneriyasi bilan shugʻullanyapti. Nasib qilsa, keyingi yilga tuganakdan chiqqan urugʻni sotamiz. Shu ishlarning barchasida muvaffaqiyatga erishish ham ezgu maqsadlarimizdan.

— 2027-yilda universitet tashkil etilganiga 10 yil, kichik bir yubiley boʻladi. Chirchiq davlat pedagogika universiteti haqida gap borganida, mehnatlaringiz bir soʻz bilan qanday ifodalansa, sizga maʼqul kelgan boʻlardi?

— Ha, chetdan qaragan kishiga vaqt juda tez oʻtgandek, 10 yil arzimagan fursatdek koʻrinadi. Aslida, har bir yilni natija bilan tamomlash, vaqtni bildirilgan ishonchni oqlagan holda ortda qoldirishning zahmati oʻziga yarasha. Shu maʼnoda ham “Chirchiq pedagogika universiteti oʻzining oldiga qoʻyilgan masalani yechishda faol ishtirok etdi va yecha oldi” tarzida fikr bildirilsa, bu, menimcha, eng yuqori baho boʻlardi.

Yuqorida aytilganidek, turli usullarni, yangicha yondashuvlarni qoʻllab boʻlsa-da, erishganimiz — “Jamoa boʻlib ishlashga koʻnika oldi, risoladagi jamoa boʻldi”, deyilsa, boshimiz koʻkka yetadi, mehnatlarimiz zoye ketmaganini his qilamiz. “Bu oliygoh farzandlarimiz uchun yetarli, koʻngildagidek bilim berdi”, degan eʼtirof esa biz uchun eng qadrli, eng yaxshi taʼrif boʻladi.

— Gʻofurjon aka, suhbatimiz eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz — istiqlolimizning 35 yilligi arafasida boʻlyapti. Shu fursatdan foydalanib, minglab talabalarning ustozi sifatida tolibi ilmlarga, sohada faoliyat yuritayotgan shogirdlaringizga, xalqimizga qanday tilaklaringiz bor?

— Avvalambor oʻsha oʻzining kasbiga sodiq, fidoyi boʻlish, vazifalarni sidqidildan bajarish hammamizga nasib etsin. Talabalarimizga birinchi navbatda vaqtni bekor oʻtkazmaslikni maslahat beraman. Har bir soat, har bir kunni gʻanimat bilib, kelajak uchun asos yaratib olishlari kerak. Binobarin, Prezidentimiz zimmamizga qoʻyayotgan masalalarga javob bera oladigan mutaxassis boʻlishcin.

Bugungi kunda til oʻrganish, raqamlashtirish, kompyuterni bilish masalasi siyosat darajasiga yetdi. Tilni bilgan, mutaxassisligini chuqur tushungan, kompyuterda mukammal ishlay oladigan yoshlar hech qachon ishsiz qolmaydi. Aniqroq aytganda, ish topib berishni birovdan soʻramaydi, oʻziga oʻzi topadi ishni. Bunday yigit-qizlar oʻzining nurli hayotini, kelajagini doim taʼminlay oladigan kadr boʻladi.

Ikkinchidan, yoshlarimiz xalqni oʻylantirayotgan, zamonning oʻzi oldimizga qoʻyayotgan masalalarni yechishda toʻlaqonli ishtirokchi boʻlsin. Sohaning fidoyisi boʻlish faqat oʻsha tarmoqqa emas, insonning oʻziga ham koʻp manfaat keltiradi. Axir oʻzingiz oʻylang, bugungi pedagog majburiy mehnatdan ozod qilinibgina qolmay, tizim tarixida boʻlmagan imtiyozlarga ham ega boʻlib turibdi.

Ustozlarini sharaflab, ilmni eʼzozlagan buyuk el yashaydigan muqaddas tuproq —
ona yurtning asl farzandlari tinchlikni saqlash va tinchlik uchun kurashuvchi ham boʻlishi kerak. Zero, tinchlik — eng oliy neʼmat. Tinchlik boʻlgani uchun siz bilan dildan suhbatlashyapmiz, kelajak ishlarni rejalashtiryapmiz. Biz ertamiz egalari uchun osoyishtalikni taʼminlashni oliy burchimiz deb bilar ekanmiz, farzandlarimiz ham keyingi avlodlar uchun goʻzal, farovon hayot qoldirishga qodir boʻlsinlar. Ustozni otadek ulugʻ sanaydigan bagʻrikeng, olijanob xalqimiz esa farzandlarining faqat yaxshi kunlarini koʻrib, quvonib yursin.

— Mazmunli suhbat uchun sizga oʻz minnatdorligimizni bildiramiz, mustaqilligimizning 35 yillik tantanasi siz va siz orqali koʻp sonli jamoangizga muborak boʻlsin!