Bu Hukumatning 2026-yil 19-oktyabrdagi 575-son qarorida nazarda tutilgan.

Qarorga muvofiq, 2026-yil oktyabr oyida Toshkent shahrida «Ibn Sino — Gʻarb va Sharq falsafiy tafakkurining buyuk namoyandasi» mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazish rejalashtirilgan.

Shuningdek, oliy tibbiyot taʼlim tashkilotlari, ilmiy markazlar, kutubxonalar va davolash-profilaktika muassasalarida ilmiy-amaliy anjumanlar, koʻrgazmalar hamda ochiq maʼruzalar tashkil etiladi. Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish va allomaning chet ellarda saqlanayotgan qoʻlyozmalarini jamlash ham belgilangan.

Olimning «Moʻʼjaz al-Qonun», «Qonuncha», «Al-Ishorat va at-tanbihot», «Donishnoma», «Kitob ash-Shifo» va «Sharq falsafasi» asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilish, ularning bosma va elektron nashrlarini tayyorlash koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, «Ibn Sino» xalqaro mukofotini taʼsis etish rejalashtirilmoqda.

Qaror bilan Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklida Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif ham maʼqullangan.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:

  • Ibn Sino tibbiyotiga oid tadqiqotlar oʻtkazish va ularning natijalarini zamonaviy tabobatda qoʻllash;
  • alloma asarlarining qoʻlyozmalarini jamlash, oʻzbek tiliga tarjima qilish va ularning elektron platformasini yaratish;
  • tibbiyot xodimlari hamda tibbiyot tarixi bilan qiziquvchilar uchun oʻquv kurslari va mahorat darslarini tashkil etish.

Markaz Buxoro davlat tibbiyot institutining byudjetdan tashqari mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari grantlari, pulli xizmatlardan tushadigan mablagʻlar, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.