баннер
15 Apr 2025
22:46

    IBRO-2025: Yuqori natija qayd etgan 18 nafar ishtirokchi ikki universitetga imtihonsiz va 100 foiz grant asosida kiradi

    Yuqori natijalarni qayd etgan taʼlim muassasasi jamoasiga maxsus bosh sovrin – BYD Chazor avtomobili topshiriladi.

    Iqtidorli bolalar respublika olimpiadasining 2025-yilgi mavsumi boshlanib, 1–7-aprel kunlari tuman (shahar) miqyosida onlayn shaklda tashkil etildi.

    Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi Axborot xizmati rahbari Shavkat Xoʻjaqulov maʼlum qilishicha, mazkur olimpiadada eng yuqori natijani qayd etgan 18 nafar ishtirokchi Turin politexnika universiteti va AKITA universitetlariga imtihonsiz va 100 foiz grant asosida oʻqishga qabul qilinadi.

    Qayd etilishicha, olimpiadada faollik koʻrsatgan, yuqori natijalarni qayd etgan taʼlim muassasasi jamoasiga maxsus bosh sovrin – BYD Chazor avtomobili topshiriladi. Oʻz fan yoʻnalishida TOP-10 natija qayd etgan oʻquvchilarni tayyorlagan oʻqituvchilarga ham alohida tashakkurnomalar beriladi.

    Olimpiada uch bosqichda oʻtkazilmoqda.

    Birinchi bosqich:

    • tuman (shahar) miqyosida 1–7-aprel kunlari onlayn shaklda tashkil etildi. 9-10-11-sinflar uchun olimpiadada roʻyxatdan oʻtgan, biroq turli sabablarga koʻra qatnasha olmagan oʻquvchilardan yana imtihon tashkil etish boʻyicha kelib tushgan takliflarini inobatga olgan holda 10-17-aprel kunlari testbor.uz platformasida tuman bosqichi imtihonlarini onlayn tarzda topshirishlariga imkoniyat beriladi.

    Ikkinchi bosqich:

    • Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida 13–20-may kunlari onlayn formatda oʻtkaziladi.

    Uchinchi bosqich:

    • 16-iyun kuni boʻlib oʻtadi. 2–9-sinf oʻquvchilari uchun yakuniy bosqich kuzatuv kameralari ostida onlayn tarzda oʻtkaziladi.
    • Olimpiada gʻoliblari munosib taqdirlanadi. 2-9-sinf oʻquvchilari uchun pul mukofotlari ajratiladi.
    • 10–11-sinf oʻquvchilari oʻrtasidagi gʻolib va sovrindorlarga esa noutbuk, planshet, mobil telefonlar, aqlli soatlar va quloqchinlar taqdim etiladi.

    Xususan, matematika, fizika yoki informatika fanlaridan eng koʻp va eng tez yechimlarni taqdim etgan oʻquvchiga zamonaviy iPhone 16 smartfoni sovgʻa qilinadi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech