Ibrogim Qurbonov 70 yoshida falsafa doktori bo'ldi

    Bugun matburilik kattayu kichik nuroniy Ibrogim Qurbonovning doktorlik darajasini olganidan cheksiz faxrda.

    Ibrogim Qurbonov 1949-yilda Xorazm viloyati Xazorasp tumanidagi Mutburi qishlogʻida tugʻilgan. 1966-yilda oʻrta maktabni tamomlab, 1968-yilda Toshkent qishloq xoʻjalik institutining ipakchilik fakultetiga oʻqishga kirib, 1973-yilda diplom ishini aʼlo bahoga himoya qilib, 1975-yilda tanlov asosida aspiraturaga qabul qilinadi. Aspirantlik chogʻida I.Qurbonov “Xorazm viloyati sharoitida xalqalangan qalamchadan buta tutzor tashkil qilish” mavzusidagi ilmiy tadqiqot ishini muvaffaqiyatli olib bordi. Shuningdek, u viloyatning tumanlarida navdor tut koʻchatlarini yetishtirish boʻyicha muntazam ilmiy tadqiqotlar olib borib, vegetativ yoʻl bilan koʻchat yetishtirishga katta hissa qoʻshdi.

    Qahramonimiz 1967-69 yillarda Xazorasp tumanidagi Frunze jamoa xoʻjaligida agronom, 1969-70 yillarda tuman mudofaa boʻlimida, 1970-72 yillarda jamoa xoʻjaligida klub mudiri, 1972-74 yillarda tuman pillachilik korxonasida, 1978-84 yillarda jamoa xoʻjaligida kasaba uyushmasi raisi, maktablararo oʻquv ishlab chiqarish kombinatida qishloq xoʻjaligi asoslari fani oʻqituvchisi va shu kombinatda direktor oʻrinbosari, direktor lavozimlarida faoliyat yuritdi.

    2019-yilda “Xorazm viloyati sharoitida tut qalamchasidan navdor tut koʻchatlarini yetishtirish va buta tutzorlar yaratishning ilmiy asoslari” mavzudagi ilmiy ishi bilan “”Ipakchilik va tutchilik” kafedrasiga mustaqil izlanuvchilikka qabul qilindi.

    2020-yilda Ipakchilik ilmiy tekshirish institutining oʻquv tajriba maydonida tut koʻchatlarining navdor va hosildor navlaridan qalamchalar olib, iskana payvand ishlarini oʻtkazdi. Shuningdek, Toshkent davlat agrar universitetiga qarashli tajriba xoʻjaligida 0,50 ga maydonga tumanlashtirilgan tut navlari kolleksiyasining navdor koʻchatlarini ekishda va intensiv turdagi buta tutzor tashkil qilishda faol ishtirok etdi. Bundan tashqari, universitetning eksperimental tajriba xoʻjaligida tut koʻchatlarining 250 tupini navdor tut navlari – Jarariq-7, Jarariq-10, Mustaqillik va Marhamat-17 navlaridan qalamcha olib, payvandtagga kurtak payvand va naycha payvand ishlarini amalga oshirdi.

    Ibrogim Qurbonovning “Ipakchilik va tutchilik” ixtisosligi boʻyicha falsafa doktori ilmiy darajasini olish uchun taqdim etgan dissertatsiyasi universitet Ilmiy Kengashi tomonidan tasdiqlanib, unga qishloq xoʻjaligi fanlari boʻyicha falsafa fanlari doktori ilmiy darajasi berildi. Unga 2020-yilning 30-noyabr kuni tantanali ravishda doktorlik diplomi topshirildi.

    — Ibrogim Qurbonov keksa boʻlishiga qaramay, mamlakatimizning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati hamda pillachilik sohasining yuksalishiga munosib hissa qoʻshayotganidan faxrlanaman, — deydi Toshkent davlat agrar universiteti rektori, akademik B.A.Sulaymonov. Shu bilan birga oʻndan ortiq olimlar nuroniyning ilmiy izlanishlariga yuqori baho berdilar.

    Bugun matburilik kattayu kichik 70 yoshdan Ibrogim Qurbonovning doktorlik darajasini olganidan cheksiz faxrda. Qishlogʻimiz faxri boʻlgan bu fidoyi insonga uzoq umr, sihat-salomatlik tilaymiz.